English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxda test sinovlari davom etmoqda
12:41 / 2021-08-08

2021-2022 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlari respublikamizning barcha hududlaridagi singari Jizzax viloyatida ham joriy yilning 5 avgust kunidan boshlangan edi.

Davlat test markazi viloyat hududiy filialining xabar berishicha, joriy yilda viloyatda test sinovlarida ishtirok etish istagini bildirgan abituriyentlar soni 57 ming 498 nafarni tashkil etgan. Test sinovlari Jizzax shaxridagi “So‘g‘diyona” markaziy o‘yingohining 2 ta futbol maydoni hududida o‘tkazilmoqda.

“So‘g‘diyona” markaziy o‘yingohining tabiiy chim hamda sun’iy qoplamali mashg‘ulot maydonlarida bir kunda 1620 nafardan, jami – 3 ming 240 nafar abituriyent uchun joy tayyorlangan. Har bir guruhda 30 nafardan abituriyent test sinovlarida ishtirok etmoqda.

Har bir abiturent sinovga kirish oldidan harorati o‘lchanib, tana harorati me’yorda bo‘lganlarning har biriga bosh kiyimi (kepka) va ichimlik suvi berilayapti.

Test sinovlari qoida tariqasida 2 smenada o‘tkazilib, 1-smena ertalab soat 7:00 da, 2-smena kech soat 19:00 da boshlanayapti.

Joriy yilning 5-6 avgust kunlari Jizzax shahridagi “So‘g‘diyona” stadionida o‘tkazilgan test sinovlarida ishtirok etishi lozim bo‘lgan 12 ming 960 nafar abituriyentda turli sabablarga ko‘ra, 429 nafari imtihonlarga kelmadi. Abituriyentlarning 7 nafari hududga kirishda ta’qiqlangan vositalar olib kirishga uringanligi sababli test sinovlaridan chetlashtirilgan bo‘lsa, 1 nafar abituriyentning tana harorati 37 gradusdan yuqori ekanligi aniqlanib, dalolatnoma rasmiylashtirilib, zudlik bilan kovidga analiz topshirgani olib ketildi.

Test sinovlari jarayonida test sinovlari Nizomi asosida belgilangan tartib-qoidalarni buzganligi tufayli 5 nafar abituriyent test sinovlari jarayonidan chetlatildi.

Test sinovlari jarayonida guruh nazoratchisi sifatida 248 nafar oliy ta’lim muassasalari va xalq ta’limi tizimidagi muassasalardan pedagog-xodimlar jalb qilingan.

Bundan tashqari, test jarayoniga Milliy gvardiya, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash tizimlari vakillari, tez tibbiy yordam mashinasi ajratilgan.

Har bir guruhning test topshirish jarayoni nazorat kameralari orqali kuzatib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, Jizzax shahridagi “So‘g‘diyona” markaziy stadionida 2021-2022 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlari joriy yilning 13 avgust kuniga qadar davom etadi.

[gallery-3333]

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA