Jizzaxda tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish hajmi 9,3 foizga koʻpaydi
Jizzax viloyatida joriy yilning oʻtgan davrida tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish hajmi 9,3 foizga koʻpayib, 160 milliard soʻmni tashkil etdi.
Jizzax viloyatida joriy yilning oʻtgan davrida tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish hajmi 9,3 foizga koʻpayib, 160 milliard soʻmni tashkil etdi.
Hududda tayyor mahsulot ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish va kengaytirishga qaratilayotgan eʼtibor samarasida isteʼmol tovarlarining sanoatdagi ulushi sezilarli darajada ortdi.
Paxtakor tumanidagi “Bunyod-dur teks” MCHJga hududdagi boʻsh turgan bino “nol” xarid qiymatida berilib, tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishga bir yil avval kirishilgan edi. Tijorat bankining 4 ming dollarlik krediti koʻmagida Germaniya va Turkiyadan keltirilgan zamonaviy texnologiyalari bilan jihozlangan korxonaning birinchi bosqichi joriy yil oʻrtasida ishga tushirildi.
Ayni paytda korxonaning tikuvchilik sexida 50 ish oʻrni yaratilib, kuniga 5 mingta bolalar kiyimi ishlab chiqarilmoqda.
– Korxona toʻliq ish boshlagach, yiliga 150 million dona tayyor kiyim ishlab chiqariladi, – deydi masʼuliyati cheklangan jamiyati ish boshqaruvchisi Bobir Mamasoliyev. – Shuningdek, ishlab chiqarish jarayoniga bichish-tikish, gul bosish, qadoqlash jarayonlari toʻliq qamrab olinadi. Mahsulotning asosiy qismini eksportga yoʻnaltirish moʻljallangan.
Korxona loyiha quvvatiga erishgach, ish oʻrinlari 200 taga yetkaziladi.