Jizzax shahridagi “Sambhram” universitetida kibersport bo‘yicha viloyatdagi 5 ta oliy ta’lim muassasasi talabalari o‘rtasida musobaqa bo‘lib o‘tdi.
Talabalar o‘rtasidagi ilk bor uyushtirilgan ushbu bellashuv “Sambhram” universiteti tashabbusi bilan Jizzax viloyati hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi hamda “Valkyrie eSports” hamkorligida talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida tashkil etildi.

Musobaqaning markaziy o‘yinlari “Valkyrie eSports” klubining “youtube.com” kanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi.
Jizzax viloyatidagi 5 ta: Jizzax davlat pedagogika universiteti, Jizzax politexnika instituti, “Sambhram” universiteti, O‘zbekiston Milliy hamda Qozon Federal universitetlari Jizzax filiallari talabalaridan tashkil topgan jamoalar 3 kun davomida g‘oliblik uchun bahs olib bordi.

Murosasiz va keskin kurashlar ostida kechgan mazkur bahsda yakuniy natijalarga ko‘ra “Sambhram” universiteti talaba-yoshlari 1-o‘rinni egallab, musobaqa g‘olibi bo‘lib, bellashuv kubogini qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, 2- va 3-o‘rinlar mos ravishda Jizzax politexnika instituti hamda O‘zMU Jizzax filiali talabalar jamoasiga nasib etdi.

Musobaqada g‘olib chiqqan “Sambhram” universiteti jamoasiga 7 million so‘m, Jizzax politexnika instituti talabalariga 2 million va O‘zMU Jizzax filiali jamoasiga 1 million so‘mlik pul mukofotlari, diplom, Statuetka va medallar bilan taqdirlandi.
A.Qayumov, O‘zA