Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati media markazida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Jizzax viloyat hududiy boshqarmasining 2025 yildagi faoliyati yakunlari hamda 2026 yil uchun belgilangan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda boshqarma boshlig‘i Bobur Umrzoqov joriy yil davomida tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning qonuniy manfaatlari va huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar hamda erishilgan natijalar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, 2025 yil tadbirkorlar manfaatlarini sud orqali himoya qilishda muhim burilish davri bo‘ldi. Xususan, tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarini himoya qilish maqsadida sudlarga jami 22 ming 626 ta da’vo arizasi kiritildi. Undirilishi belgilangan mablag‘lar hajmi tarixiy ko‘rsatkichga yetib, milliy valyutada 1 trillion 71 milliard 900 million so‘m, xorijiy valyutada esa 28 million 600 ming AQSH dollari va 1 million 100 ming yevroni tashkil etdi.
– Biz uchun eng asosiy mezon – tadbirkorning huquqi ishonchli himoya qilingan bo‘lishi, – dedi Bobur Umurzakov. – Har bir murojaat ortida aniq taqdir, aniq ish o‘rni va iqtisodiy faollik turadi. Shu bois sud orqali himoya masalasida qat’iyatli pozitsiyani saqlab qoldik va bu o‘z samarasini berdi.
Qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadida yil davomida 224 ta taqdimnoma kiritilib, qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan 25 ta normativ taklif ishlab chiqildi. Bu tadbirkorlik muhitini yanada sog‘lomlashtirishga xizmat qildi.
Hisobot davrida boshqarma tomonidan 2002 nafar tadbirkor bilan bevosita muloqotlar tashkil etildi. Uchrashuvlar jarayonida tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan yoki qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlashni talab etuvchi 915 ta aniq muammo aniqlandi va ularning aksariyati ijobiy hal etildi.
Shuningdek, palata safiga 2261 ta yangi a’zo qabul qilindi. Servis xizmatlari samaradorligini oshirish maqsadida 13 ming 799 nafar tadbirkorga turli yo‘nalishlarda bepul xizmatlar ko‘rsatildi.
Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar ham e’tiborga loyiq. Xususan, 1861 nafar yosh va ayollar maxsus o‘quv kurslarida kasbiy tayyorgarlikdan o‘tkazildi. Natijada 265 nafar fuqaroning doimiy bandligi ta’minlandi.
– Tadbirkorlikni rivojlantirish faqat iqtisodiy emas, balki ijtimoiy barqarorlik masalasi hamdir, – deya ta’kidladi Bobur Umurzakov. – Yoshlar va ayollarni kasbga yo‘naltirish orqali biz yangi ish o‘rinlari yaratish bilan birga, oilalar farovonligini ham oshirishga hissa qo‘shyapmiz.
[gallery-26937]
Matbuot anjumanida 2026 yil uchun belgilangan ustuvor vazifalarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Kelgusi yilda tadbirkorlik sub’ektlarini raqamlashtirish, eksport salohiyatini oshirish, investitsiya muhitini yanada yaxshilash hamda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotni kuchaytirish asosiy yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Tadbir yakunida jurnalistlar va ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari