Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari o‘tkazildi
12:25 / 2025-05-24

Jizzax viloyatidagi 560 ta umumta’lim va 13 ta ixtisoslashgan, Hamid Olimjon va Zulfiya ijod maktablarida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev o‘zi tahsil olgan Sharof Rashidov tumanidagi 5-sonli umumta’lim maktabida tashkil etilgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirida ishtirok etdi.  

Viloyat rahbari yakuniga yetayotgan joriy o‘quv yili bilan barchani samimiy qutlab, bitiruvchilarga omadlar tiladi. Prezidentimizning bitiruvchilarga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.

Shuningdek, tadbirda shu maktab o‘qituvchisi, “Do‘stlik ordeni” sohibi, “Yil o‘qituvchisi” respublika ko‘rik-tanlovi g‘olibi Sharof Xidirov va boshqalar so‘zga chiqib, Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar ta’lim tizimida ham o‘zining yorqin samaralarini berayotgani, o‘quvchilarning yetuk bilim olishlari, xorijiy tillarni o‘rganishlari, kasb-hunar egallashlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilayotganini qayd etdi.

Joriy o‘quv yilida viloyatdagi umumta’lim maktablarining 11-sinfini 18 ming 210 nafar o‘quvchi bitirib, mustaqil hayot sari qadam tashlayotgan bo‘lsa, 9-sinf bitiruvchilari soni 24 ming 870 nafarni tashkil etmoqda.  

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 24 dekabrdagi “2025 – 2027 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan viloyat bo‘yicha 19 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida qurilish-ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari bilan olib borilmoqda.  

[gallery-23551]

“Atrof muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Sharof Rashidov tumanidagi 32-sonli umumta’lim maktabida “Ota-onalar bog‘i” barpo etildi. Ushbu ta’lim muassasasi bog‘ida har bir o‘quvchining nomiga ularning ota-onalari tomonidan ming tup mevali va 500 tup manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Har bir ko‘chatga o‘quvchilarning ism-shariflari yozilgan maxsus yorliqlar joylashtirildi. E’tiborlisi, ushbu loyiha Jizzax viloyatidagi barcha umumta’lim maktablarida keng joriy etilganidir.

Yakuniga yetayotgan mazkur o‘quv yilida o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish, ularga zamonaviy metodikalarni o‘rgatish maqsadida xorijiy davlatlardan 14 nafar “xorijiy til” o‘qituvchisi taklif qilindi. Yangi 2025-2026 o‘quv yilidan boshlab yana 30 nafar xorijiy mutaxassisni jalb etish rejalashtirilganini alohida ta’kidlash lozim.  

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga qarashli umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari xorijda va respublikamizda tashkil etilgan turli ko‘rik-tanlovlar, fan olimpiadalari va sport musobaqalarida faol ishtirok etib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelmoqda.  

Jizzaxlik o‘quvchilar mamlakat va xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan sport musobaqalarida ham mamlakatimizda yetakchi o‘rinlarni egallagan viloyatlar qatorida borayotgani, bu boradagi ishlar Jizzax vohasida ko‘ngildagidek yo‘lga qo‘yilganidan dalolat beradi.

Tadbirda Sharof Rashidov tumanidagi 5-sonli umumta’lim maktabida samarali mehnat qilgan jonkuyar ustozlar, eng faol o‘qituvchilarga hamda a’lo va yaxshi baholarga o‘qigan o‘quvchilarga viloyat, tuman hokimlarining, maktabgacha va maktab ta’limi viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limining tashakkurnoma va faxriy yorliqlari topshirildi. 

So‘ngra ushbu maktab o‘quvchi va bitiruvchilari tomonidan ustozlari boshchiligida tayyorlab, namoyish etilgan badiiy chiqishlari ishtirokchilarga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Tantanali marosim nihoyasida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” jaranglab, bitiruvchi o‘g‘il-qizlar jonajon maktablari bilan xayrlashgani o‘zlarining qadrdon sinf partalarida ustozlaridan so‘nggi saboqlarni oldi.

A.Qayumov, O‘zA