Joriy yilning 6 noyabr kuni erta tongdan boshlab Jizzax shahri markazidagi Sharof Rashidov (1917–1983) haykali oldida viloyat tashkilotlari rahbarlari, ziyolilar va faol talaba-yoshlar yig‘ilib, ulug‘ arbob xotirasiga chuqur hurmat bajo keltirishdi.
Tadbir davomida Sharof Rashidovning mamlakat ravnaqi va xalq farovonligi yo‘lidagi fidokorona xizmatlari, shuningdek, adabiyot, san’at va madaniyat rivojiga qo‘shgan bebaho hissasi yuksak baholandi.

Davlat va jamoat arbobi, yozuvchi Sharof Rashidov 1917 yil 6 noyabrda Jizzax shahrida tavallud topgan. U o‘zining fidokorona siyosiy faoliyati va sermazmun ijodiy merosi bilan XX asr O‘zbekistoni tarixida chuqur iz qoldirgan siymolardan biri sifatida tanildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Sh. Rashidov rahbarligida qishloq xo‘jaligi, sanoat va shaharsozlik sohalarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarni, Toshkent shahrining zilziladan keyingi tiklanishida hamda metropoliten qurilishidagi tashabbuslarini yodga olishdi. Shuningdek, tadbirda Sh. Rashidov o‘zining doston, qissa, roman va she’rlari orqali o‘zbek adabiyotida ham munosib o‘rin egallagani ta’kidlandi.

Tarix guvohlik berganidek, sobiq ittifoqning so‘nggi davrlarida Sharof Rashidov nomiga asossiz tuhmatlar yog‘dirilgan bo‘lsa-da, mustaqillik yillarida uning haqqoniy nomi tiklandi, hayot yo‘li va faoliyati munosib bahosini topdi.

Jizzaxda o‘tkazilgan ushbu tadbirda ham “Ajdodlar merosini qadrlash – yoshlar uchun ilhom manbai” ekani qayd etildi. Darhaqiqat, Sh. Rashidov singari mehnatkash, mas’uliyatli va vatanparvar avlodlar izidan borish yurtimizdagi har bir yoshning muqaddas burchi ekanligi uqtirib o‘tildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA