Jizzaxda qulagan ko‘p qavatli uy bo‘yicha rasmiy bayonot berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzaxda yangi qurilgan ko‘p qavatli bino qulab tushgani haqida xabarlar tarqalgan.
Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, aniqlanishicha, bugun 10 yanvar kuni soat 17.15 larda Jizzax shahrining Zilol mahallasi Mustaqillik ko‘chasida qurilayotgan 6 qavatli bino, ya’ni 1-2 qavatlari savdo do‘koni, 3-6 qavatlari 11 xonadondan iborat bo‘lgan binoning 240 kv.m. iborat bo‘lgan 7 xonadoni qulab tushgan.
Binoning qulashi oqibatida jabrlangan va halok bo‘lgan fuqarolar aniqlanmagan.
Voqea joyiga zudlik bilan Jizzax viloyati prokurori, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va boshqa mutasaddi idoralar rahbarlari hamda tezkor-tergov guruhi a’zolari yetib borgan.
Binoning qulash sabablarini aniqlash borasida Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.
O‘zA