Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxda Qozon Federal universiteti filiali ochiladi
17:33 / 2021-08-30

Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida Prezidentimiz “Jizzax shahrida Qozon Federal universiteti filiali faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga imzo qo‘ydi.

Ushbu qaror asosida mazkur filialda geologiya, dasturiy injiniring, iqtisodiyot, mashinasozlik, davolash ishi, stomatologiya, farmatsiya, tibbiy biokimyo bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanishi belgilab qo‘yilgan.

Filial – Rossiya Federatsiyasidagi Qozon federal universitetining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tarkibiy bo‘linmasi hisoblanib, kadrlar tayyorlash kunduzgi, sirtqi va boshqa ta’lim shakllarida olib boriladi.

Mazkur filialda ta’lim faoliyati kelgusi 2022-2023 o‘quv yilidan boshlanadi. Qabul parametrlari manfaatdor vazirlik va idoralarning kadrlarga bo‘lgan real ehtiyojini hisobga olib, filial tomonidan tasdiqlanadi.

Mamlakatimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalaridagi kabi ushbu o‘quv dargohiga ham talabalarni o‘qishga qabul qilish davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Davlat granti asosida ta’lim olgan filial bitiruvchilari 3 yildan kam bo‘lmagan muddat majburiy ishlab berish sharti bilan O‘zbekistonning davlat organlari va tashkilotlariga taqsimlanadi.

Qozon universiteti Jizzax filiali bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasida oliy ma’lumot sifatida tan olinadigan belgilangan namunadagi diplom taqdim etiladi.

Yana bir necha kunlardan so‘ng boshlanadigan 2021-2022 o‘quv yilidan universitet O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali bilan hamkorlikda “Dasturiy injiniring”, “Farmatsiya” va “Axborot tizimlari va texnologiyalari” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlashni boshlaydi va mazkur yo‘nalishlarda o‘qishga qabul qilingan talabalar kelgusi 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab o‘qishlarini aynan – Qozon universiteti Jizzax filialida davom ettirishi mumkin.

2022 yil yakunigacha filial tarkibida “OpenLab” ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Xulosa qilib aytganda, Jizzax yana bitta nufuzli oliygohga mezbon bo‘ladi.

A.Qayumov, O‘zA