Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxda QFUning filiali ochildi
21:17 / 2022-10-10

Jizzax viloyatida Rossiya Federatsiyasi Qozon federal universitetining birinchi xorijiy filiali ochildi. Tadbirda amaliy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Rossiya Federatsiyasining Tatariston Prezidenti Rustam Minnixanov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov, Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev, hududdagi oliy ta’lim muassasalar rahbarlari ishtirok etdi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, so‘zga chiqqan Tatariston prezidenti R.Minnixanov O‘zbekistonda filial ochilishi ramziy ma’noda mamlakatlarni ko‘p yillik samarali hamkorlik an’analari bog‘lab turishini, u tufayli yoshlar o‘z mamlakatidan chiqmasdan yuqori sifatli ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishini ta’kidladi.

Qozon universiteti Rossiyadagi eng qadimiy universitetlardan biri bo‘lib, 1804 yili Qozon shahrida tashkil etilgan. Universitet matematika, fizika, geologiya, kimyo, biologiya, tarix, geografiya, huquq, filologiya, ekologiya va boshqa ixtisosliklar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydi. Tarkibida bir qancha ilmiy-tadqiqot institutlari va boshqa ilmiy muassasalar, muzeylar, nashriyot, 5 millionga yaqin asar jamlanmasidan iborat ilmiy kutubxona fondi bor. Ushbu oliygohda bugungi kunda 11 ming nafardan ziyod talaba ta’lim oladi, 1000 dan ortiq o‘qituvchi va ilmiy xodim faoliyat yuritadi, – deydi o‘z nutqida davom etgan R. Minnixanov.

Shuningdek, vazir A.Toshqulov ushbu yangi filial samarali faoliyat yuritishiga vazirlik ham, albatta har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ta’kidlab, filial nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro darajada ham nufuzli oliygohlardan biri bo‘lishiga ishonch bildirdi.

– Ishonamanki, Qozon federal universiteti o‘zining Jizzax filialida ta’lim jarayonini xuddi o‘zidagi sifat va akademik darajada tashkil qilinishiga barcha kuch va salohiyatini safarbar etadi, – dedi vazir A.Toshqulov.

QFU rektori Lenar Safin, o‘z navbatida, filialni tashkil etishdan maqsad O‘zbekiston uchun Qozon federal universitetining zamonaviy ta’lim dasturlari asosida chuqur fundamental va ilmiy-amaliy bilimlarga ega bo‘lgan, xalqaro standartlarga javob beradigan yuqori malakali kadrlarni tayyorlashdan iboratligini ta’kidladi. Bu qadam Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida ta’lim va ilm-fan sohasidagi uzoq muddatli hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirish, akademik faoliyatni shakllantirishga xizmat qilishini bildirdi.

Mehmonlar filialda talaba va professor-o‘qituvchilar uchun yaratilgan sharoitlar va dars jarayoni bilan tanishishdi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan Qozon federal universitetining Jizzax filiali bundan bir yil oldin tashkil etilgan edi. Filial kampusi 1 ming 88 o‘rinli o‘quv hamda 384 o‘rinli yotoqxona (shundan 44 o‘rin horijiy o‘qituvchilar uchun mexmonxona tipida) binosidan tashkil topgan. Hozirda 10 ta yo‘nalish bo‘yicha 400 ga yaqin talaba tahsil olmoqda.

Ta’lim maskani mashinasozlik, geologiya, dasturiy injiniring, iqtisodiyot, axborot tizimlari va texnologiyalari, jurnalistika, tibbiy biokimyo, davolash ishi, farmatsiya, stomatologiya, texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlaydi, shuningdek, fundamental, ilmiy, amaliy va innovatsion tadqiqot loyihalarini amalga oshiradi. 2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston milliy universitetining Jizzax filiali Qozon universiteti bilan birgalikda dasturiy ta’minot injiniringi, farmatsiya va iqtisodiyot yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashni boshlagan edi. Ushbu ta’lim dasturlarida tahsil olayotgan talabalar joriy o‘quv yilidan boshlab yangi filialda o‘qishni davom ettiradi. Shuningdek, abituriyentlarning 30 foizga yaqini davlat granti asosida qabul qilinadi. Bunda bitiruvchilar o‘qishni tugatgandan so‘ng kamida uch yil majburiy ishlab berish sharti bilan davlat tashkilotlariga ishga joylashtiriladi. O‘qituvchilar tarkibiga kelsak, professor-o‘qituvchilarning kamida 40 foizi chet eldan, shu jumladan Qozon federal universitetidan jalb qilinadi. Bundan tashqari, kampusda kelgusida simmuliyatsion markaz va sport zal qurilishi rejalashtirilgan.

Nazokat Usmonova, O‘zA