English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxda Prezident maktabiga kirish test sinovlari yakunlandi
20:48 / 2021-07-28

Jizzax shahridagi “So‘g‘diyona” markaziy stadionida joriy yilning 26-28 iyul kunlari Prezident maktabiga talabgor o‘quvchilar uchun o‘tkazilgan test sinovlarining birinchi bosqichi nihoyasiga yetdi.

Joriy o‘quv yilida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan Jizzax shahridagi Prezident maktabiga 2021-2022 o‘quv yilida 144 nafar o‘quvchi qabul qilish belgilangan.

Ushbu maktabga kirishni niyat qilgan 9 ming 339 nafar jizzaxlik o‘g‘il-qiz hujjatlarini to‘liq onlayn shaklda – Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi rasmiy veb-sayti orqali amalga oshirildi.

Prezident maktabiga kirish test sinovlari ikki bosqichda amalga oshirilib, birinchi bosqichda saralash test sinovlari o‘tkazilishi belgilangan edi, ushbu saralash test sinovlari xalqaro “Cambridge Assessment” tashkiloti, Prezident ta’lim muassasalarini rivojlantirish agentligi hamda Davlat test markazi hamkorligida tashkil etildi.

Mamlakatimizning barcha hududlaridagi singari Jizzaxda ham Prezident maktablariga saralash test sinovlari 26-28 iyul kunlari, pandemiya sharoitini hisobga olgan holda ochiq maydonlarda o‘tkazilishi belgilangan edi.

[gallery-3232] 

Test sinovlarini o‘tkazish uchun markaziy stadionning sun’iy qoplamali mashg‘ulot maydonida 1 ming 620 nafar o‘quvchi uchun joy tayyorlanib, har bir smenada 1 ming 620 o‘quvchi test sinovlarida ishtirok etdi. Test sinovlari to‘liq videokuzatuv qurilmalari orqali nazorat qilib turildi.

“Cambridge Assessment” tashkiloti talablariga ko‘ra, test sinovlaridan avval 23-24 iyul kunlari repetitsiya jarayoni o‘tkazilib, barcha o‘quvchilar test sinovlari o‘tkaziladigan joylar va test sinovlari tartib-qoidalari bilan nazoratchilar tomonidan atroflicha tanishtirildi.

Test sinovlariga kirish oldidan o‘quvchilarning tana harorati o‘lchanib, antiseptik vositalar bilan dezinfeksiya qilindi va Davlat test markazi tomonidan test sinovlarida ishtirok etish uchun kelgan har bir o‘quvchi tibbiyot niqoblari, bosh kiyim (kepka) bilan to‘liq ta’minlandi. Shuningdek, har bir o‘quvchiga qora qalam, rezina o‘chirg‘ich, ichimlik suvi berildi.

Har smenada 10 nafar tibbiyot xodimi, 1 ta maxsus tez yordam avtomobili, 30 nafar Milliy gvardiya, 10 nafar ichki ishlar viloyat boshqarmalari xizmatchilari navbatchiligi to‘liq yo‘lga qo‘yildi.

Test sinovlariga turli sabablarga ko‘ra, 150 nafar o‘quvchi kelmadi.

“Cambridge Assessment” tashkiloti vakillarining ta’kidlashicha, Prezident maktabiga kirish test sinovlarining birinchi bosqich natijalari avgust oyining ikkinchi o‘n kunligida e’lon qilinadi. Test sinovlarining dastlabki bosqichi nihoyasiga yetdi va 2-bosqich sinovlari joriy yilning 20-25 avgust kunlari o‘tkazilishi nazarda tutilgan.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA