Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxda “Prezident archasi” bolajonlarga quvonch bag‘ishladi
14:30 / 2025-12-27

Jizzax viloyati musiqali drama teatrida an’anaviy “Prezident archasi” yangi yil tadbiri bo‘lib o‘tdi. Bolajonlar uchun tashkil etilgan ushbu quvonchli tadbirda teatr ijodkorlari tomonidan sahnalashtirilgan “Vaqt o‘g‘risi” nomli tomosha hamda konsert dasturi namoyish etildi.

Mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning qalbida quvonch va umid uyg‘otish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasi sifatida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Prezident archasi” tadbirlari yildan yilga bolalarning eng sevimli va intiqlik bilan kutiladigan bayramlaridan biriga aylanib bormoqda.

Mazkur bayram tadbirlarini mazmunli, ko‘tarinki ruhda va yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bolalar uchun bayramona muhit yaratish, ularni sifatli sovg‘alar bilan quvontirish hamda har bir bolaning e’tibordan chetda qolmasligini ta’minlashga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Bugungi kunda Mehribonlik va Muruvvat uylarida tarbiyalanayotgan bolalar, “SOS – bolalar mahallalari”, oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, shuningdek, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida halok bo‘lgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining farzandlari uchun maxsus Prezident sovg‘alari tayyorlandi.

Jami 11 ming 125 dona Prezident sovg‘alari shakllantirilib, ularning tarkibiga bolalarning ta’lim olishi va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishiga xizmat qiluvchi 24 turdagi o‘quv anjomlari, shuningdek, bolajonlar sevib iste’mol qiladigan 34 turdagi shirinlik mahsulotlari kiritildi. Ayni paytda mazkur sovg‘alar mamlakatimiz hududlari bo‘ylab belgilangan manzillarga yetkazilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Jizzax viloyatiga jami 411 dona Prezident sovg‘alari yetib kelgan. Ulardan 370 tasi bolalarga tarqatilgan bo‘lib, 41 tasi zaxira sifatida qoldirildi. Shuningdek, 65 dona sovg‘a oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilariga, 273 donasi esa mahallalarda vasiylik va homiylikka olingan bolalarga yetkazib berildi.

[gallery-26935]

Davlatimiz rahbarining yosh avlodga bo‘lgan doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligi natijasida bunday ezgu tadbirlar kelgusida ham izchil davom ettirilishi belgilangan bo‘lib, bu bolalar qalbida yangi yil quvonchlarini yanada oshirish, ularning ertangi kunga bo‘lgan ishonch va orzularini mustahkamlashga xizmat qiladi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA