Prezidentimizning Xitoyga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xitoyning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan muhim uchrashuvlar o‘tkazdi. Ushbu muzokaralarda “Jiangsu World Agricultural Machinery” kompaniyasi rahbari janob Chju Linjun hamda “Aladdin Holdings Group” kompaniyasi raisi janob Yang Jen Syan faol ishtirok etishdi.
Uchrashuvlarda Qashqadaryo viloyatida paxta terish kombaynlari hamda boshqa qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish va yig‘ish uchun zamonaviy zavod qurish loyihasi muhokama qilindi. Shuningdek, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi 30 ming gektarlik dala maydonlarida Xitoyning ilg‘or tajribasiga tayangan yuqori hosildor paxta yetishtirish loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Muhim kelishuvlarga muvofiq, Jizzax viloyatida umumiy qiymati 400 million AQSH dollariga teng bo‘lgan O‘zbekiston–Xitoy innovatsion markazi barpo etiladi. Ushbu majmua zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalari hamda madaniy-turistik sanoatni rivojlantirishga xizmat qiladi. Markazning birinchi bosqichi 2026 yil boshida qurila boshlanishi rejalashtirilgan bo‘lib, buning uchun 30 gektar yer maydoni ajratilgan.
Mazkur loyiha O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va eksport salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Innovatsion markaz orqali ilg‘or texnologiyalar va tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yilib, viloyat hamda butun respublikada qishloq xo‘jaligi sifati va samaradorligi yanada yuksaladi.
A. Qayumov, O‘zA muxbiri