Jizzax shahrida “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalarining respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirda Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Akmal Savurbayev ishtirok etib, o‘z nutqida yil davomida yurtimiz sportchilari tomonidan qo‘lga kiritilgan yutuqlar davlat va jamoatchilik tomonidan munosib e’tirof etilayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning yuksak marralarni zabt etishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Milliy Olimpiya qo‘mitasining Jizzax viloyati hududiy bo‘limining ijrochi direktori Akmal Ahmedov ham ishtirok etib, g‘olib sportchilarni samimiy tabrikladi va ularga kelgusidagi musobaqalarda omad va muvaffaqiyatlar tiladi.

Shuningdek, kunning ikkinchi yarmida “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalarining yakuniy natijalari hamda viloyatda sportni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan tahliliy-tanqidiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari Akmal Savurbayev rahbarligida tashkil etildi.

Unda viloyatda sport sohasiga aloqador tashkilot rahbarlari, murabbiy va mas’ullar ishtirok etib, mavjud kamchiliklar, istiqboldagi vazifalar hamda yoshlar sportini rivojlantirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar atroflicha muhokama qilindi. Yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri