Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlarida, qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarida, korxona, tashkilot va muassasalarda “Assalom, Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi” shiori ostida bayram, madaniy-ma’rifiy hamda mehr-saxovat tadbirlari qizg‘in davom etmoqda.
“Navro‘z” umumxalq bayrami diyorimizda yashayotgan xalqlarning o‘zaro do‘stona munosabatlari, jamiyatimizda o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, insonning tabiat bilan uyg‘un bo‘lib yashashi, uning qalbida bag‘rikenglik va bunyodkorlik, hayr-saxovat kabi oliyjonob tuyg‘ularni o‘zida mujassam etadi. Bu kunda azaldan yordamga muhtoj insonlarga yaqindan ko‘mak berilgan. Bemorlar, ehtiyojmandlar holidan xabar olingan.
Xayr-saxovat tantanasi
Yurtimiz bo‘ylab Navro‘z tantanalari qizg‘in davom etayotgan shu kunlarda Arnasoy tuman hokimligi va Mahalla xayriya jamoat fondi tuman bo‘limi hamkorligida kam ta’minlangan, yordamga muhtoj, boquvchisidan ajralgan oilalar holidan xabar olish, ularga yordam berish borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirdi.
Jumladan, Navro‘z bayrami kunlarida tumandagi kam ta’minlangan va nogironligi bo‘lgan oilalar holidan xabar olinib, ularga 8 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va bayram sovg‘alari ulashildi.
29-sonli koloniyada Navro‘z tadbirlari
Jizzax shahar 1-sektorning “Bunyodkor”, “Qaliya” va “Ittifoq” mahalla fuqarolar yig‘inlariga tayinlangan yoshlar yetakchilari bilan jazoni ijro etish departamenti hamkorligida viloyatdagi 29-sonli koloniyada yosh mahkumlar o‘rtasida Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlab sportning milliy kurash, arqon tortish, stol tennisi, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha musobaqa tashkil etildi.
Musobaqa g‘oliblari tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Tadbir yakunida shahar havaskor san’atkorlari va iqtidorli yoshlar tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi ishtirokchilarga bayramona ruh bag‘ishladi.
Navro‘z saylining asosiy konsert dasturlari davom etmoqda
Sharof Rashidov tumanidagi markaziy o‘yingohdagi bayram tadbirlari “Assalom, Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi” shiori ostida tashkil etildi.
Tuman hokimi Mahmud Xolbo‘tayev mehnat faxriylari, ishlab chiqarish ilg‘orlari, sportchi va o‘quvchi-yoshlar ishtirok etgan bayram qatnashchilari va barcha tuman fuqarolarini Navro‘z ayyomi bilan samimiy qutladi.
Yangilanish va yasharish fasli bo‘lgan bahorni tarannum etuvchi — Navro‘z ayyomini tumanning kattayu kichik aholisi ham o‘zgacha kayfiyat bilan kutib oldi. Barcha qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari bayramona dasturxon bezab, xalq etnografik ansambllari va ijrochi yoshlar o‘z iqtidorlarini namoyish etdi.
Bayram tadbirida bahoriy taomlar tanlovi, sport turlari – kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish, milliy xalq o‘yinlari bo‘yicha bellashuvlar tashkil etildi. Shu yerda sayil ishtirokchilari uchun dasturxon yozilib, bahoriy taomlar tortildi.
Bayram munosabati bilan tashkil etilgan katta sahnada elimiz ardog‘idagi respublika poytaxtidan kelgan san’atkorlar, iqtidorli yoshlar ijrosida katta konsert dasturi namoyish etildi.
A.QAYUMOV, O‘zA