Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxda Navoiyxonlik tadbirlari
18:19 / 2023-02-09

Yurtimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Jizzax viloyatining shahar va tumanlarida ham millatimiz ma’naviyati va adabiyotining so‘nmas siymolari buyuk mutafakkir Mir Alisher Navoiy hamda shoir va sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi keng nishonlanmoqda.

Jumladan, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasida Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.  

Tadbirda Jizzax davlat pedagogika universiteti professori, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi Usmonjon Qosimov Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va ijodi haqida keng ma’lumot berib, ruboiy va g‘azallaridan namunalar o‘qidi.  

Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligini keng nishonlash maqsadida, Ma’naviyat va ma’rifat markazi Paxtakor tuman bo‘linmasi, tuman xalq ta’limi bo‘limi hamda axborot kutubxona markazi hamkorligida allomaning bosib o‘tgan shonli yo‘li va sharafli xizmatlari haqida barcha umumta’lim maktablarida ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etildi.  

Bundan tashqari, tumandagi umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Alisher Navoiy asarlarining bilimdonlari” ko‘rik tanlovi hamda “Navoiyni anglash” mavzusida insholar tanlovi tashkil etildi.  

G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom, qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.  

Jizzax shahri xalq ta’limi bo‘limi hamda Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi hamkorligida umumiy o‘rta ta’lim maktab o‘quvchilari ishtirokida ikki buyuk siymo, millatimiz faxri Mir Alisher Navoiy tavalludining 582 hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.  

Tadbir davomida o‘quvchilar tomonidan mutafakkir adiblarning hayoti hamda ijodi bilan bog‘liq sahna ko‘rinishlar yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi.  

Shuningdek, ularning ijodiy merosiga ham nazar tashlanib, g‘azal va ruboiylaridan namunalar o‘qildi.  

Mazkur tadbirda Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan faol va iqtidorli o‘quvchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.  

A.QAYUMOV, O‘zA