Jizzax viloyatida murruvat va insonparvarlik tadbirlari yangi yil arafasida keng ko‘lamda davom etmoqda.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar uchun tashkil etilgan har bir tashabbus nafaqat ularga quvonch bag‘ishlamoqda, balki jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Yangi yil arafasida Sharof Rashidov tumanidagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova tashrif buyurdi.
Tashrif davomida internat uyida yaratilgan shart-sharoitlar, ijtimoiy himoya, tibbiy va maishiy xizmatlar sifati, reabilitatsiya hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishildi.
Shuningdek, parvarish, sog‘lomlashtirish va kasb-hunarga yo‘naltirish mashg‘ulotlari jarayoni ko‘zdan kechirildi. Zulayho Mahkamova muassasa faoliyatini yanada takomillashtirish, qulay muhit yaratish va ayollarning jamiyatga moslashuvini ta’minlash yuzasidan o‘z fikr va tavsiyalarini bildirdi.



***
Shu internat uyida Yangi yil bayrami ham tashkil etildi. Tadbirda Jizzax viloyati hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Gulnora Normurodova, tuman hokimi o‘rinbosari Lola Mamayunusova va boshqalar ishtirok etishdi.
Konsert dasturi, kuy-qo‘shiqlar va qiziqarli sahna ko‘rinishlari tarbiyalanuvchilarda yangi yil kayfiyatini uyg‘otdi. Bayramda vasiylikka olingan xotin-qizlarga va internat xodimlariga sovg‘alar topshirildi, ularning mehnati va fidokorona sa’y-harakatlari alohida e’tirof etildi.




***
Sharof Rashidov tumani tibbiyot birlashmasida esa “Buvijonlar maktabi” tashabbusi bilan “Mehr karvoni” bayram tadbiri o‘tkazildi.
Davolanish muassasasida yotgan bemorlarni yangi yil bilan tabriklashib, ularga nafaqat moddiy ko‘mak, balki mehr va ruhiy dalda ulashishdi.




Tadbir davomida bemorlarning holatini o‘rganish va ularga qulayliklar yaratish ishlari ham amalga oshirildi. 25 nafar bemorga bayram sovg‘alari topshirildi, ular ko‘rsatilgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun ekanliklarini aytishdi.
Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Bahodir Danaboyev ushbu tashabbus insonparvarlikning yorqin namunasi ekanini qayd etib, “Buvijonlar maktabi” a’zolariga minnatdorlik bildirdi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri