Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida moshni qayta ishlovchi “Jizzakh Agritrade” MCHJ shaklidagi qo‘shma korxonada 30 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan.
Korxona 2018 yilda xorijiy investitsiyalar va shaxsiy mablag‘lar asosida tashkil etilgan bo‘lib, loyihaviy qiymati 2 mln. AQSH dollarini tashkil etadi.
Korxonaga Xitoy va Yaponiya davlatlari tomonidan ilg‘or uskunalar yetkazib berilgan bo‘lib, yillik 10 ming tonna dukkakli mahsulotlarni tozalash, qadoqlash va xorijiy davlatlarga yetkazib berish quvvatiga ega.
“Jizzakh Agritrade” MCHJ jamoasi 2021 yil mart oyi yakuniga ko‘ra qariyb 4 mln. dollarlik mahsulotni xorijiy bozorga eksport qildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan deyarli 2 barobarga ko‘p demakdir.
Mazkur korxona Jizzax viloyati bo‘yicha birinchi bo‘lib "O‘zstandart" agentligi tomonidan "Global G.A.P." sertifikatiga loyiq ko‘rildi.
Sertifikat "O‘zstandart" agentligi mas’ullari, ommaviy axborot vakillari ishtirokida topshirildi.
Korxona rahbari Ilyar Ergashevning ta’kidlashicha, kelgusida korxona loviya, no‘xat, yeryong‘oq va boshqa dukkakli turdagi mahsulotlarni qabul qilish va qadoqlash ishlarini yo‘lga qo‘yib, aholining xotin qizlar qatlamini ham ishlab chiqarish jarayoniga jalb etish rejalashtirilmoqda.
Korxonada yillik ishlab chiqarish quvvatini oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish ustida qo‘shimcha sa’i-harakatlar ko‘rilmoqda.
Abdulaziz Rustamov, O‘zA