O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tashabbusi bilan Jizzax viloyatida suv resurslarini MODSNOW dasturi orqali real-vaqtda kuzatib borish yo‘lga qo‘yildi.
MHTI axborot xizmatining ma’lum qilishicha, MODSNOW dasturi o‘zbekistonlik olim Abror G‘afurov tomonidan ishlab chiqilgan. Ushbu dastur hozirda dunyoda 10 dan ortiq mamlakat hamda Markaziy Osiyoning barcha davlatlarida suv resurslarini nazorat qilish va kutilayotgan miqdorini aniqlashda qo‘llanilmoqda.
Olim Abror G‘afurov qayd etganidek, O‘zbekistonda suv resurslarining aksariyat qismi qo‘shni davlatlarda shakllanadi va mamlakatimizga daryolar orqali oqib keladi. Shu bois, suv resurslarini samarali boshqarish hudud iqtisodiyoti va qishloq xo‘jaligi uchun juda muhim.

–Markaziy Osiyoda yildan yilga o‘zgarib borayotgan gidrologik tartib esa suv kam bo‘lgan yillarda qishloq xo‘jaligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Iqlim o‘zgarishi tufayli bahor va erta yoz oylarida qorlarning erta erishi va yomg‘ir oqimi bilan sel va toshqinlar xavfi ham saqlanib qolmoqda.

Joriy yilning 29 oktyabr kuni Jizzax viloyatida suv resurslari monitoringini takomillashtirish mavzusida amaliy seminar tashkil etildi. Turli tashkilotlar vakillari ishtirok etgan seminarda MODSNOW dasturidan amalda qanday foydalanish bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi. Kuni kecha esa MODSNOW dasturi Jizzax viloyati Sirdaryo-Zarafshon irrigatsiya tizimlari havzasi boshqarmasida, xususan, Zomin suv ombori va Sangzor daryosi havzasida shakllanayotgan suv miqdorini real vaqtda kuzatish uchun tatbiq etildi. Bu dastur natijasida suv resurslarini kunma-kun, oyma-oy kuzatish, kutilayotgan suv miqdorini oldindan prognoz qilish va sel hamda toshqin xavfi bo‘lgan hududlarni nazorat qilish mumkin bo‘ladi, – dedi olim.
Ahamiyatlisi, MODSNOW dasturi Jizzax viloyatida suv reurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlaydi, suvni samarali ravishda taqsimlash va tabiiy ofatlarning ta’sirini yumshatishda muhim o‘rin tutadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA