Jizzax viloyati Zarbdor tumanidagi asosan qirg‘iz millatiga mansub fuqarolar ko‘proq istiqomat qilayotgan “Andijon” mahalla fuqarolar yig‘inida ham millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga bag‘ishlangan bayram keng nishonlandi.
“Vatan yagonadir, Vatan bittadir” shiori ostida bo‘lib o‘tayotgan ushbu “Millatlar do‘stligi” bayrami tadbiri turli millat va elat vakillarining hamjihatligini yanada mustahkamlash, o‘zaro hurmat va ahillik muhitini kuchaytirish maqsadida tashkil etildi.
Tadbir davomida milliy urf-odat va an’analar, xalq o‘yinlari namoyish etildi. San’atkorlar tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi, folklor jamoalarining chiqishlari bayramga alohida fayz bag‘ishladi.
Mehmonlar uchun milliy taomlar va hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Tashrif buyuruvchilar turli millatlarning an’anaviy taomlari va san’at asarlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
[gallery-22619]
Tuman hokimi Bekzod Tashpo‘latov barcha ishtirokchilarni qutlab, Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iz Respublikasi Prezidentlarining tarixiy uchrashuvi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi millatlararo totuvlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitining tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat ekanini alohida ta’kidladi.
Bayram ishtirokchilari “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida ”Do‘stlik bog‘i”ga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazishdi.
Tadbir doirasida aholi uchun arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkasi tashkil etildi. Shuningdek, turli millat vakillariga hurmat bajo keltirilib, ularga milliy liboslar sovg‘a qilindi.
Tadbir yakunida tinchlik va birdamlik ramzi sifatida osmonga kabutarlar uchirildi.
“Millatlar do‘stligi” bayrami o‘zaro hurmat, milliy qadriyatlar va barqaror taraqqiyot timsoli bo‘lib, u millatlar o‘rtasidagi totuvlik va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari