Jizzax shahrida an’anaviy “Limon hosili sayli” bo‘lib o‘tdi. Unda shahar hokimligi, “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki vakillari, limon yetishtiruvchi fermerlar hamda xususiy tadbirkorlar ishtirok etishdi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar limonchilik sohasida erishilayotgan natijalar, hosildorlikni oshirish va eksport salohiyatini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar. Shu bilan birga, kelgusida sohani rivojlantirishga doir ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.

Agroinnovatsion texnologiyalar, suvni tejovchi sug‘orish tizimlari, yuqori sifatli ko‘chatlar hamda “O‘zbek limoni” milliy brendining xalqaro bozorlardagi imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Ekologik toza mahsulot yetishtirish va uni tashqi bozorga eksport qilish masalalarida amaliy takliflar ilgari surildi.

“Turonbank” ATB vakillari fermerlar va tadbirkorlarga limonchilikni rivojlantirishga qaratilgan imtiyozli kreditlar, issiqxona loyihalari uchun moliyaviy ko‘mak, shuningdek, zamonaviy bank xizmatlari haqida batafsil ma’lumot berishdi.

Tadbir ishtirokchilari ta’kidlashicha, “Limon hosili sayli” nafaqat hosildorlik va innovatsiyalar namoyishi, balki dehqonlar, hokimlik va bank tizimi o‘rtasidagi samarali hamkorlikni mustahkamlovchi muhim platforma sifatida ahamiyat kasb etmoqda.
Bunday uchrashuvlar mahalliy ishlab chiqaruvchilarni ilg‘or tajribalar bilan tanishtirish, yangi g‘oyalarni amaliyotga joriy etish va mamlakat agrar sohasining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari