Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxda kitobxonlik haftaligi
17:04 / 2023-04-15

Joriy yilning 10-15 aprel kunlari Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlari bo‘ylab respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi, respublika Axborot kutubxona markazi hamda mahalliy hokimliklar hamkorligida “Kitobsevar millat” shiori ostida III Respublika “Kitobxonlik haftaligi” o‘tkazildi.

Prezidentimizning 2023 yil 28 fevraldagi  farmoni bilan tasdiqlangan “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonnig taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirilishiga oid Davlat dasturi”da hamda Vazirlar Mahkamasining “2020-2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2020 yil 14 dekabrdagi qarori asosida 2021 yildan buyon har yili mamlakatimizda aprel oyida “Kitobxonlik haftaligi” tadbirini o‘tkazish belgilangan.  

Ushbu ijodiy kecha, davra suhbatlari, uchrashuvlarda respublika poytaxtidan kelgan taniqli yozuvchilar, shoirlar, ziyolilar va iqtidorli mahalliy yoshlar hamda san’atkorlar ishtirok etmoqda.  

Arnasoyda tuman hokimligi, respublika Ma’naviyat-ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi, tuman axborot-kutubxona markazi hamkorligida “Kitobxonlik haftaligi” doirasida taniqli yozuvchi va shoirlar bilan ijodiy kecha tashkil etildi.  

Unda O‘zbekiston va Qoraqolpog‘iston Xalq yozuvchisi Urazboy Abdurahmonov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Obiddin Mahmudov, Abdunabi Hamro, Abdukarim Sharipov va Nilufar Allamurodova hamda umumta’lim maktablari kutubxonachilari ishtirok etdi.  

Tadbirda Prezidentimizning 2017 yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida” gi qarori kitobxonlik tadbirlarini tashkil etishda dasturilamal vazifasini o‘tayotgani ta’kidlandi.  

Xuddi shunday ijodiy uchrashuv Forish tumanida ham tashkil etilib, ushbu tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Nurali Qobul, Abulqosim Mamarasulov, Hayot Shodmon, Sadina Bobomurodova va xonanda Muzaffar Xujamberdiyevlar ishtirok etdi.  

Tadbirlarda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda kitobxonlikka qaratilayotgan e’tibor, yoshlarni kitobga mehrini oshirish borasidagi sa’y-harakatlarga to‘xtalib o‘tib, bunga yoshlarimiz ham munosib javob qaytarayotganliklarini e’tirof etdi.  

Yozuvchi va shoirlar o‘zlarini qiziqarli hayotiy lavhalaridan hikoya qilib, asarlaridan namunalar o‘qib berdi. Xonanda Muzaffar Xujamberdiyev, aynan shu uchrashuvda ishtirok etayotgan shoirlarning she’rlariga bastalangan qo‘shiqlardan namunalar ijro etib, yig‘ilganlarning olqishiga sazavvor bo‘ldi.  

III Respublika “Kitobxonlik haftaligi” doirasida Zomin Axborot kutubxona markazi xodimlari tomonidan “Eng yaxshi kitobxon mahalla” mavzusida mahallalararo bellashuv bo‘lib o‘tdi.  

Tadbirda Beruniy, Hamza, G‘afur G‘ulom nomli hamda “Taraqqiyot” mahalla fuqarolar yig‘inlari vakillari faol qatnashdi. Tadbirda birinchi o‘rinni “Taraqqiyot”, ikkinchi o‘rinni G‘afur G‘ulom nomli va uchinchi o‘rinni Beruniy nomli MFY kitobsevarlari egalladi.  

G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.  

G‘allaorol tumani “Madaniyat markazi”da respublikamizning taniqli yozuvchi, shoir, o‘zbek adabiyotining yorqin namoyandalari hamda tuman ziyolilari, yosh ijodkorlar, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mas’ul soha xodimlari ishtirokida davra suhbati va kitoblar yarmarkasi o‘tkazildi.    

Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan tadbir ishtirokchilari yoshlarni kitob o‘qishga mehrini yanada oshirish, kitobxonlikka keng jalb etish mavzularida suhbatlashdi.  Tadbir so‘ngida tashkil etilgan kitoblar yarmarkasi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.    

Baxmal tuman hokimligi, respublika Ma’naviyat-ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi, tuman axborot-kutubxona markazi hamda tumandagi Prezident ixtisoslashtirilgan maktabi hamkorligida “Kitobxonlik haftaligi” doirasida taniqli yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuv va ijodiy kechalari tashkil etildi.  

Taniqli yozuvchi va shoirlar O‘zbekiston va Qoraqolpog‘iston Xalq yozuvchisi Urazboy Abdurahmonov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Obiddin Mahmudov, Abdunabi Hamro va boshqa mahalliy ijodkorlar tomonidan o‘qilgan qiziqarli hikoyalar, lirik she’rlardan so‘ng, ishtirokchilarga respublika va viloyat san’atkorlari hamda iqtidorli yoshlar ijrosida yangragan kuy-qo‘shiqlar barchaga xush kayfiyat ulashdi.  

Jizzax viloyatning qolgan shahar va tumanlarida ham “Kitobxonlik haftaligi” qizg‘in davom etdi.  

A.QAYUMOV,  

J.YORBEKOV (surat), O‘zA