English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxda ishbilarmonlarning biznes-forumi
18:12 / 2023-10-19

“Jizzax” kimyo-industrial texnoparkida O‘zbekiston va Rossiya ishbilarmonlarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Tatariston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari, sanoat va savdo vaziri Oleg Korobchenko, Jizzax viloyat hokimining o‘rinbosari Nodir Nurmatov, Tatariston savdo-sanoat palatasi raisi Shamil Ageyev, “Ximgrad” AJ bosh direktori Ayrat Gizzatullin va rossiyalik tadbirkorlar ishtirok etdi.

Prezidentimizning joriy yil 20 apreldagi “Jizzax va Toshkent viloyatlarida kimyo-sanoat texnoparklarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida “Jizzax plastmassa” AJga tegishli hududdan joy tanlanib, o‘tgan 2022 yilning oktyabr, noyabr va joriy yilning mart oylarida “Ximgrad” AJ va Rossiya kompaniyalari vakillari ushbu korxonada bo‘lib, Jizzax viloyatida kimyo-sanoat texnoparkini tashkil etish bo‘yicha tashkiliy ishlarni amalga oshirgan edi.  

– Jizzax shahrida o‘tgan O‘zbekiston – Rossiya ishbilarmonlarining biznes-forumida katta biznes missiyasini amalga oshirdik, – deydi “Ximgrad” texnopolis bosh direktori Ayrat Gizzatullin. –  Eng asosiy va katta loyihamiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tashkil etilgan “Jizzax” kimyo-industrial texnoparkining taqdimoti bo‘lib, u muvaffaqiyatli amalga oshirildi.  

Taqdimotda bugungi kunda bu yerda investitsiyalar kiritish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi, texnopark hududiga o‘tkazilgan sanoat zonasining holati, mahalliy hokimlik tomonidan ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan yordam, biznesni rivojlantirish uchun mavjud va yaratiladigan imkoniyatlar haqida so‘z bordi. Shuningdek, ikki yildan buyon faoliyat yuritayotgan Qozon Federal universiteti Jizzax filiali, Jizzax politexnika instituti, boshqa xorijiy va mahalliy oliy va texnik o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida kadrlar tayyorlanayotgani haqida ham atroflicha ma’lumot berildi.  

Umumiy maydoni 13,5 gektar, qurilishlar amalga oshirilgan maydon 72 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Ushbu texnoparkka kamida 100 million AQSH dollari qiymatida investitsiya kiritilib, bu yerda ishlab chiqarish, yangi ish o‘rinlari yaratilishi, 30 dan kam bo‘lmagan yangi, yirik loyihalar amaliyotga tatbiq etilishi nazarda tutilmoqda. Taqdimotdan so‘ng, biznes forum ishtirokchilari texnoparkda faoliyat olib borayotgan “Helbeto Jizzah Chemicals” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi O‘zbekiston – Turkiya qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi.  

– Biz buyurtmalar asosida O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan paxta mahsulotlaridan tortib, bo‘yoq mahsulotigacha qo‘shiladigan kimyoviy vositalarni tayyorlaymiz, – deydi “Helbeto Jizzah Chemicals” MCHJ ijrochi direktori Abdulla Ramazonov. – Korxona bir yilda 50 ming tonnagacha ximikat vositalari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Hozirgi kunga qadar 50 nafar yosh daromadli yangi ish o‘rinlari bilan ta’minlandi. Yaqin kunlar ichida tozalovchi vositalar(sovun, texnik shampun, gel)ni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan loyiha ishga tushiriladi.  

“Jizzax” kimyo-industrial texnoparki aynan “Jizzax plastmassa” AJ negizida tashkil etilgan. Ushbu korxona mamlakatimizdagi polietilen quvurlar, plyonkalar va keng turdagi xalq iste’moli mollari ishlab chiqaradigan yirik korxona hisoblanadi. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan barcha mahsulotlar xalqaro standartlarga javob beradi. Tadbir ishtirokchilari texnoparkdagi sanoat tarmoqlari faoliyati, mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishtirildi.  

Forum ishtirokchilari Jizzax shahridagi sanoat zonasida faoliyat yuritayotgan bir qator sanoat korxonalarida bo‘lib, ularning faoliyati bilan ham tanishdi. Jumladan, “Jizzax akkumulyator zavodi” AJ korxonasidagi ish jarayonlarini kuzatdilar. Olti yuz kishi mehnat qiladigan ushbu korxona avtotransport vositalari uchun yiliga turli hajmdagi 1 million dona akkumulyator ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotlarning asosiy qismi MDH davlatlari va ichki bozorga sotiladi. Ishtirokchilar konditer mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Deya” fabrikasida bo‘ldi. Uch yuz nafar xotin-qiz mehnat qilayotgan korxonada yiliga 50 turdagi 12 ming tonna konditer mahsulotlari ishlab chiqarilib, asosiy qismi eksportga yo‘naltirilgan.

Biznes-forum ishtirokchilari “Master Building Products Vero Group” korxonasida ham bo‘ldi. Bu yerda sanoat, qurilish, maishiy, madaniy, qishloq va xalq xo‘jaligida ishlatiladigan xalqaro standartlarga javob beradigan jihoz va materiallar ishlab chiqariladi. Korxonada 500 kishi doimiy va daromadli ish bilan ta’minlangan. Delegatsiya a’zolari Axat Gizzatullin boshchiligidagi viloyat “Idl” tatar milliy madaniy markazi vakillari tatar millatining qadimiy “Saban to‘y” marosimida ishtirok etdi.  

– Biz, O‘zbekiston – Rossiya ishbilarmonlarining Tataristonda o‘tgan 3-biznes forumi chog‘ida mamlakatingiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tatariston Respublikasi raisi Rustam Minnixanov bilan uchrashuvida zimmamizga yuklatilgan topshiriqlarni ado etish maqsadida yurtingizga keldik, – deydi Tatariston bosh vazirining o‘rinbosari, sanoat va savdo vaziri Oleg Korobchenko. – Unga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi tovar oborotini kamida 1 milliard dollardan oshirishdek ulkan vazifa yuklatilgan. Jami 45 nafar delegatsiya a’zosi, shundan 30 dan ortiq biznes doirasida Rossiya federatsiyasida katta nufuzga ega bo‘lgan ishbilarmonlar ushbu forumda ishtirok etdi. Respublikalarimiz o‘rtasida o‘zaro hamkorlik qilish uchun katta imkoniyatlar zaxirasi mavjud deb o‘ylayman.  

Hozir Tatariston va O‘zbekiston hamkorlikda Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi texnoparkni ochdi, ikkinchi loyihamiz bo‘yicha Jizzaxda faoliyatini boshlagan texnopark taqdimoti bo‘ldi. Navoiy va Buxoroda ham texnoparklarni ochish rejalashtirilgan.  

[gallery-14162]

Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev O‘zbekiston – Rossiya biznes-forumi ishtirokchilarini qabul qilib, har ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro do‘stona hamkorliklar uzoq  yillar davom etishiga ishonch bildirishini alohida ta’kidladi. O‘zbekiston va Rossiya ishbilarmonlarining biznes-forumida sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilish yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi.  

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),

O‘zA muxbirlari