Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxda investorlarga imkoniyatlar eshigi ochiq
14:33 / 2025-04-25

FOTOREPORTAJ

Avval xabar qilinganidek, Jizzax viloyati Zomin tumanida xalqaro biznes forumi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi hamda Jizzax viloyat hokimligi hamkorligida tashkil qilingan forumda 30 dan ziyod davlatlardan 300 nafar xorijiy, 100 nafar mahalliy investor, mamlakatimizdagi diplomatik vakolatxonalar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. 

Ikki kun davom etgan  tadbir doirasida viloyatdagi yirik loyihalar taqdimotlari, B2B va B2G formatda uchrashuvlar o‘tkazildi.

Dastavval Jizzax viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev mazkur hududning iqtisodiy salohiyati, xususan, qishloq xo‘jaligi, sanoat, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi imkoniyatlar, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Ta’kidlanganidek, oxirgi yillarda viloyat yalpi hududiy mahsuloti 2 barobarga o‘sib, 3,3 milliard dollarga yetgan. Joriy yilda esa 1,5 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilinishi rejalashtirilgan.

- Bu yilgi xalqaro biznes forumi o‘tgan yillarga qaraganda  geografiyasi va investorlar soni ko‘pligi bilan farq qiladi, - deydi Jizzax shahar hokimi Komil Xolmurodov. - Bugun viloyatimizdagi mavjud salohiyati jozibador investitsiya uchun javob beradi, deb bemalol ayta olaman. Ushbu imkoniyatlardan samarali foydalangan holda joriy yilda Jizzax shahrining to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyani jalb etish ko‘rsatkichini ikki hissaga, ya’ni 215 million dollarga yetkazishni maqsad qilganmiz.  

Forumning ikkinchi kunida “Zipline Zomin” ekstremal turizm ob’ektining ochilishi, “Zomin Brewery” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda Zomin texnoparki faoliyati bilan tanishuvlar tashkil etildi. Bu esa viloyatda turizm va sanoat yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlarning amaldagi ifodasi bo‘ldi.

Ayni paytda viloyatda 201 ta xorijiy kapital ishtirokidagi korxona faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda 1,4 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan. Misrning “Nile Sugar” kompaniyasi bilan qiymati 400 million dollar bo‘lgan shakar ishlab chiqarish loyihasi shular jumlasidan.

[gallery-23012]

- Forum orqali Jizzaxning boy resurslari, inson kapitali, qulay logistika va investorlar uchun yaratilayotgan muhitni ko‘rib, yangi loyihalarni amalga oshirishga qaror qildim, - dedi xitoylik investor Ju Chu. - Forum menga ilhom berdi, keyingi safar tadbirkor hamkorlarimizga ushbu tadbirda qatnashish taklifini beraman. Bunday samarali hamkorlikni biz doim qo‘llab-quvvatlaymiz.  

Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA