Ijtimoiy himoya milliy agentligi Jizzax viloyat boshqarmasiga media-tur tashkil etildi.
Ilk manzil Jizzax shahridagi viloyat IIB huquqbuzarlik profilaktikasi boshqarmasiga qarashli voyaga yetmaganlarga ijtimoiy- huquqiy yordam ko‘rsatish markazi bo‘ldi.
– Tunu kun, ya’ni 24/7 rejimida ishlaydigan ushbu muassasaga qarovsiz qoldirilgan, tungi payt yolg‘iz yurgan, adashib qolgan voyaga yetmaganlar keltiriladi, – deydi ushbu markaz rahbari, podpolkovnik Azamat O‘rinboyev. – Bu yerga tushgan bolaning ota-onasi, yaqinlari bilan 48 soat ichida aloqaga chiqilib, ota-onasi yoki yaqin qarindoshlari topilsa, bola ularga olib borib beriladi. Mabodo 3 kun davomida voyaga yetmagan shaxsning yaqinlari topilmasa, sud qarori bilan 1 oy muddatga shu yerda qoldiriladi.
Bu yerda bolalarning dam olishi, ovqatlanishi, dars tayyorlashi, televizor tomosha qilishi, kutubxonadan foydalanishi, yuvinishi, sayr qilishi, 4 mahal ovqatlanishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Markazga olib kelingan har bir voyaga yetmagan bola tibbiyot xodimi, ruhshunos, tarbiyachilarning doimiy nazoratida bo‘ladi.
Ana shu 1 oy ichida vasiylik-homiylik idoralari xodimlari bolaning yaqinlariga aniqlik kiritadi, mabodo voyaga yetmagan bolaning hech kimi topilmasa, u sud qarori bilan bolalar oilaviy uylariga topshiriladi.
Keyingi manzil Jizzax shahridagi 32-sonli maxsus maktab-internat bo‘ldi. Bu yerda imkoniyati cheklangan bolajonlarga eng malakali va mahoratli logoped-pedagoglar saboq berishadi va ular tunu kun tarbiyachilar nazoratida bo‘lishadi.
– Maktab-internatimiz 1976 yil tashkil topgan bo‘lib, 2017 yil 1 milliard 950 million so‘m “Tashabbusli byudjet” mablag‘lari hisobiga ta’mirlandi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi mablag‘lari hisobidan 75 million so‘mlik maxsus jihozlar bilan ta’minlandi, – deydi ushbu muassasa direktori Nodir Inatov. – 250 o‘ringa mo‘ljallangan maktab-internatimizda hozir 279 nafar imkoniyati cheklangan aqli zaif o‘g‘il-qizga ta’lim- tarbiya va muolajalar berilmoqda. Ularga 60 dan ortiq oliy ma’lumotli, maxsus malakaga ega pedagog kunduzi dars saboqlarini o‘tishsa, 46 nafar tarbiyachi darslardan keyin ular bilan shug‘ullanadi.
2022 yilda salkam 3 milliard 600 million so‘m davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 150 o‘ringa mo‘ljallangan, barcha sharoitlarga ega yotoqxona qurib berildi. Yotoqxonamizdan tumanlardan kelgan bolajonlar foydalanadi. Jizzax shahrida istiqomat qiluvchi o‘g‘il-qizlarimiz uylaridan qatnaydi. Ularning 4 mahal ovqatlanishi, kutubxona, tibbiyot xizmatlaridan foydalanishi, musiqa, sport bilan shug‘ullanishi, yuvinish va dam olishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Ushbu muassasada e’tiborimizni tortgani maktab-internat qoshida tashkil etilgan 4 – 6 soatlik “G‘amxo‘rlik guruhi” bo‘ldi. Ushbu guruhga tayanch harakatlarida, qo‘l, yuz va boshqa a’zolarda, ruhiyatida, nutqida nuqsoni bor bolalarni ota-onalari olib kelib, malakali mutaxassislardan muolaja oladi.
Jizzax shahar Nuroniylar maskani va u yerda amalga oshirilayotgan loyiha ham bizda chuqur taassurot qoldirdi. Ushbu loyihadan ko‘zlangan maqsad katta yoshdagi va og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan oilalardagi yolg‘iz qolib ketgan nuroniylar, nogironligi bo‘lgan bobojon, buvijonlarni faol hayotga jalb etishdir. Maskanda nuroniylar uchun 10 ga yaqin turli to‘garaklar tashkil etilgan. Haftaning ikki kuni qariyalar uchun sog‘lomlashtirish, sportning shaxmat, shashka, shuningdek, to‘quvchilik, bichuvchilik, tikuvchilik, kashtachilik, pazandachilik, bog‘dorchilik va boshqa to‘garaklarda yetuk mutaxassislar yakka yolg‘iz, nogironligi bo‘lgan qariyalar bilan shug‘ullanishadi. Asosan restr ro‘yxatida turuvchi bu qariyalar uchun tez-tez turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, sport bellashuvlari, viktorina va tanlovlar ham o‘tkazilib kelinayotganini ta’kidlab o‘tish lozim.
Shu kuni Do‘stlik tumanidagi “Adaptiv sport” maktabida bo‘lib, bu yerda olib borilayotgan ishlar bilan ham yaqindan tanishdik.
[gallery-22298]
– “Adaptiv sport” maktabiga 2024 yilning sentyabr oyidan buyon qatnayman, – deydi ushbu maktab tarbiyalanuvchisi Nilufar Rahimova. – Para stol tennisi bilan shug‘ullanaman, o‘tgan yili ushbu sport turi bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritdim. Shuningdek, shu maktabda parasuzish bilan ham shug‘ullanishni boshladim. Maqsadim har ikki sport turi bo‘yicha xalqaro, Osiyo, jahon chempionatlari va Yozgi paraolimpiada musobaqalarida ishtirok etib, jonajon O‘zbekistonimiz sharafini munosib himoya qilish va yurtimizga chempionlikni qo‘lga kiritib qaytishdir.
Media-tur davomida Do‘stlik tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi.
Markazning majlislar zalida Ijtimoiy himoya milliy agentligi Jizzax viloyat boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Mavlonova bilan jurnalistlar o‘rtasida matbuot anjumani tashkil etildi.
Anjuman Ijtimoiy himoya milliy agentligi Jizzax viloyat boshqarmasi va uning shahar-tuman markazlari tomonidan o‘tgan 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar mavzusiga bag‘ishlandi.
Jonli muloqot tarzida o‘tgan matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar oldi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari