Jizzax shahrida aholining huquqiy xabardorligini oshirish, inson huquqlarini ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hamda Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida tashkil etildi.
Davra suhbatida Ombudsman huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya hamda Ilmiy-maslahat kengashi a’zolari, davlat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda viloyatda faoliyat olib borayotgan milliy madaniy markazlar rahbar va vakillari, mahalla raislari, xotin-qizlar bilan ishlovchi mas’ullar hamda ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari Bekzod Narimonov olib bordi. U huquqiy madaniyatni yuksaltirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim omillaridan biri ekanini ta’kidlab, bu yo‘nalishda davlat organlari va jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlik alohida ahamiyat kasb etishini qayd etib, jumladan shunday dedi:
[gallery-26797]
– Bugungi davra suhbatidan ko‘zlangan asosiy maqsad – aholining, ayniqsa chekka hududlarda istiqomat qilayotgan fuqarolarning huquqiy bilimlarini oshirish, inson huquqlarini himoya qilishda amaliy mexanizmlarni keng tushuntirishdan iborat.
Tadbir davomida ishtirokchilar Respublika Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi a’zosi Nusuratulla Pardayev, Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Gulnora Normurodova, Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi ilmiy xodimi Aziz Tatibayev, Ombudsman huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi a’zosi Govxerjan Yuldasheva va boshqalarning ma’ruzalarini katta qiziqish bilan tinglashdi.
Ta’kidlanganidek, aholining huquqiy xabardorligini oshirish Ombudsman faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Murojaatlar tahlili chekka hududlarda huquqiy bilimga ehtiyoj yuqoriligini ko‘rsatmoqda. Shu bois aholi bilan ochiq muloqot o‘tkazishga qaratilgan “Ombudsman maktabi”, umumta’lim muassasalarida o‘quvchilarning huquqiy savodxonligini oshirishga xizmat qiluvchi “Ombudsman soati”, shuningdek, zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga manzilli psixologik, huquqiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatishni nazarda tutuvchi “Tenglik va hurmat” loyihalari izchil amalga oshirilmoqda.
Ombudsmanning Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakili O‘tkir Jo‘rayev hududiy darajada olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib, joylardagi huquqiy muammolarni hal etishda bevosita muloqot muhim ekanini qayd etdi.
– Fuqarolar bilan yuzma-yuz uchrashuvlar, joylarga chiqib o‘tkazilayotgan huquqiy tushuntirish ishlari aholining davlat organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlamoqda hamda murojaatlar mazmunini chuqur tahlil qilish imkonini bermoqda, – dedi Ombudsmanning Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakili O‘tkir Jo‘rayev.
Davra suhbatida inson huquqlarini ta’minlash, yopiq muassasalarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari natijalari, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, gender tengligi, mehnat huquqlari va ijtimoiy himoya masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Erkin muloqot tarzida o‘tgan tadbir jarayonida ishtirokchilar bir qator amaliy takliflar bildirishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislaridan batafsil javoblar olishdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari