Jizzax viloyatida ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida amaliy va keng qamrovli tadbirlar izchil davom etmoqda. Shahar va tumanlarda erta tongdayoq daraxtlarga suv sepilib, yo‘l yoqalari yuvilayotgani, maydonlardagi chang zarralari bartaraf etilayotgani atrof-muhit sifatini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Jizzax shahrida Sharof Rashidov va Islom Karimov shoh ko‘chalari bo‘ylab o‘sayotgan daraxtlarga maxsus texnikalar yordamida suv purkaldi. Bu ishlar, avvalo, havodagi chang miqdorini kamaytirsa, ikkinchidan, issiq faslda o‘simliklarning sog‘lom saqlanishiga turtki bo‘lmoqda.

Viloyat ekologiya boshqarmasi va shahar obodonlashtirish xizmati hamkorligida favvoralarni ishga tushirish, yo‘l yoqalarini yuvish va yashil hududlarni parvarishlash muntazam yo‘lga qo‘yilgan.

Zomin tumanida ham shunga monand tarzda atrof-muhitni muhofaza qilish ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Tumanning yashil maskanlarida daraxtlar va manzarali o‘simliklarga suv sepilib, havoda uchuvchi chang zarralarini kamaytirish choralari ko‘rilmoqda. Bu nafaqat o‘simliklarning barqaror o‘sishiga, balki aholi sog‘ligi uchun qulay tabiiy muhit yaratilishiga ham xizmat qilayotgani tahsinga loyiq.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu kabi tadbirlar havoning tabiiy musaffolanishini jadallashtirib, nafas yo‘llari kasalliklarining oldini olishda muhim omilga aylanmoqda. Faqat viloyat markazi va Zomin shaharchasida emas, balki boshqa hududlarda ham “yashil muhit”ni kengaytirish bo‘yicha amaliy ishlar izchillik bilan davom etmoqda. Bu tashabbuslar viloyat miqyosida ekologiya sohasidagi keng ko‘lamli qadamlarning muhim bo‘g‘ini bo‘lib, kelajak avlod uchun toza, sog‘lom va barqaror ekologik muhit yaratishga qaratilgan.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri