Avval xabar qilinganidek, Jizzaxda belbog‘li kurash bo‘yicha o‘smirlar va qizlar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Kecha ushbu chempionat doirasida Jizzax viloyati hokimligida Tatariston Respublikasi sport vazirligi va hokimiyat hamda OAV vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda tomonlar ommaviy sport turlarini rivojlantirish, xalqaro toifadagi sport ustalari va sportchilar tayyorlash, ayollar o‘rtasida sport turlarini ommalashtirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berdi.
Jumladan, Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev yurtimizda, xususan, viloyatda sportni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar, bunyod etilayotgan yangi sport sog‘lomlashtirish maskanlari haqida ma’lumot berib, bularning barchasi yurtimizda sportni rivojlantirishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi.
O‘z navbatida Tatariston Respublikasi sport vazirining birinchi o‘rinbosari Halil Shayxutdinov o‘z yurtida sportning bugungi kundagi rivoji, sport maktablarining faoliyatini yo‘lga qo‘yishda qaysi jihatlarga e’tibor qaratgani haqida gapirar ekan, bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarni ham yuqori baholadi.
[gallery-4814]
Tadbir doirasida Jizzax viloyati hokimligi va Tatariston Respublikasi sport vazirligi o‘rtasida jismoniy tarbiya va sport sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha Memorandum imzolandi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, imzolangan Memorandum xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash, yoshlar siyosati, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Jumladan ikki tomonning kelishuviga asosan davlat tashkilotlari, ta’lim muassasalari, federatsiyalar va boshqa sport tuzilmalari o‘rtasida - ommaviy sport turlari, nogironlar sporti, elita sporti va sport bo‘yicha kadrlarni tayyorlash yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli dasturlar, tajriba va ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, memorandum doirasida hamkorlarda har yili Jizzax viloyati va Tatariston Respublikasida belbog‘li kurash bo‘yicha bittadan (xalqaro miqyosda) musobaqa o‘tkazilishi rejalashtirib olindi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA