Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxda ham saylovchilar muddatidan oldin ovoz bermoqda
17:19 / 2023-07-04

O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga ko‘ra saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan har bir saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega, deya ta’kidlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 4-Jizzax okrugi bo‘yicha Jizzax shahri va 12 ta tuman hududida jami 524 ta saylov uchastkasi tuzilgan bo‘lib, saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari hech qanday to‘siqlarsiz amalga oshirilmoqda.

Siyosiy partiyalar, viloyat tashkilotlari, qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari boshqaruv organi murojaatlari asosida 4-Jizzax okrug saylov komissiya tomonidan viloyatdagi 524 ta saylov uchastkasida ovoz berish jarayonlarini kuzatish uchun partiyalar va mahalla fuqarolar yig‘inlari vakillariga kuzatuvchi mandati to‘liq yetkazib berilgan.

– Saylov uchastkalarimizning barchasida yuqori tezlikdagi internet va sifatli telefon aloqasini ta’minlash uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilgan. Har bir tumanda saylov uchastkasida ovoz berish jarayonlarini onlayn kuzatib borish imkoniyati mavjud, – deydi 4-Jizzax okrug saylov komissiyasi raisi Shavkat Sharipov.

Jizzax shahri “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Jizzax filialida 42-saylov uchastkasi joylashgan. Ushbu uchastka saylov komissiyasida jami 11 nafar a’zo faoliyat olib bormoqda. Ularning 5 nafari  “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Jizzax filiali, 1 nafari “Jizzax tekstil” MCHJ, 2 nafari tibbiyot xodimlari va 3 nafari shu MFYda istiqomat qiluvchi nafaqaxo‘rlardir.

[gallery-12586]

– Saylov uchastkamizda 1 ming 966 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan bo‘lib, shundan erkaklar 982, ayollar 984 nafarni tashkil etadi va saylovchilarimizdan o‘z uyida ovoz beruvchilar soni 34, birinchi marotaba ovoz beruvchilar soni 11 nafardan iborat, – deydi 42-uchastka saylov komissiyasi raisi Shuhrat Abdurahimov. – Mahallada mavjud 14 ta ko‘chaning barchasiga komissiya a’zolari biriktirilgan va saylovga taklifnomalar to‘liq tarqatib bo‘lindi. Joriy yilning 28 iyunidan 4 iyul ertalab soat 9:00 ga qadar saylovchilarimizning 22 nafari o‘zlari munosib deb bilgan nomzodga muddatidan oldin ovoz berdi.

Bugun 4 iyul kuni yana 7 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz berish jarayonida ishtirok etayotgan ekan. Biz ulardan birini suhbatga chorladik.  

– Joriy yilning 9 iyul kuni o‘tadigan Prezident saylovi kuni biz oila a’zolarimiz bilan dam olishda bo‘lamiz. Ertaga ertalab oilamiz bilan jo‘nab ketyapmiz. Shu sababdan ham bugun, muddatidan oldin ovoz berdik. Men o‘zim munosib deb topgan, yurt tinchligi, xalq manfaati va farovonligini o‘ylaydigan, yoshlarimiz uchun porloq kelajak qurish yo‘lida astoydil tinim bilmay jon kuydirayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga munosib deb bilgan nomzod uchun ovoz berdim, – dedi “Navro‘z” MFYda istiqomat qiluvchi oilaviy tadbirkor Hurriyat Murtazoyeva.

4-Jizzax okrugi bo‘yicha joriy yilning 4 iyul ertalab soat 9:00 ga qadar 5 ming 257 nafar saylovchi muddatidan oldin o‘zlari munosib deb topgan nomzodga o‘z ovozlarini berib bo‘ldi.  

Muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari ertaga 5 iyul kuni nihoyasiga yetadi.

A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA