Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxda hal etilishi mumkin bo‘lgan 2 mingdan ziyod murojaat “Tushuntirish berildi” deb yopilgan
13:11 / 2021-02-11

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Jizzax viloyatidagi tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari tomonidan o‘tgan vaqt davomida kelib tushgan 4 ming 554 ta murojaatdan 3 ming 53 tasi ijobiy hal etildi.

Joriy yilning yanvar oyida qilingan 413 ta murojaatda ko‘tarilgan 460 masaladan 332 tasi ko‘rib chiqildi.  

Bu raqamlarda ifodalangan murojaatlarning soni oddiy statistik ma’lumotning o‘zigina emas. Masalaga kengroq qaraladigan bo‘lsa, ushbu raqamlar tegishli davlat tashkilotlari tomonidan tadbirkorning muammosi hal bo‘lmayotganini yoki faoliyatiga to‘siq qo‘yilganini anglatadi.  

Shu bois aholi Bosh vazirning hududdagi qabulxonasiga murojaat qilgan.  

Tadbirkorlar murojaatlarini qabul qilishning yangi tizimi yaratilgani nafaqat tadbirkor muammosini hal etadi, balki, iqtisodiyotni rivojlantirish, xalqimiz farovonligini oshirishga to‘siq bo‘layotgan muammolarni tezkor bartaraf etish imkonini beradi. Hududlardagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi ana shu ishni amalga oshirishga xizmat qilayotir. Biznes yuritishning ham o‘ziga xos qiyinchiliklari bor. Ayniqsa, o‘tgan yili koronavirus pandemiyasi tufayli tadbirkorlar faoliyatida ko‘plab muammolar yuzaga keldi.  

Qiyinchiliklarni bartaraf etishda Prezidentimizning 2019 yil 14 maydagi “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2020 yil 19 martdagi "Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonlari muhim huquqiy asos bo‘lmoqda.  

– Viloyatdagi tadbirkorlarning qonuniy huquqlarini himoya qilishni yaxshilashga harakat qilyapmiz, – deydi O‘zbekiston Respublkasi Bosh vazirining tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish Jizzax viloyati qabulxonasi mudiri Abdulboqi G‘ozibekov. – Shu maqsadda viloyat, shahar va tumanlardagi qabulxonalarda tadbirkorlarni qabul qilish, ishchi guruhlar bilan birga murojaatlarini ko‘rib chiqish, qonuniy talablarini o‘rganish, hal etilmagan murojaatlarni vakolatli organlarga yuborib, ijrosini nazoratga olish ishlari yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan yili tadbirkorlardan qabulxonaga bevosita 2 ming 219 ta, sayyor qabullarda 1 ming 78 ta, Call-markaz orqali 1 ming 118 ta, «business.gov.uz» portali orqali 139 ta jami 4 ming 554 ta murojaat qabul qilinib, ijroga olindi. Murojaatlardagi barcha ma’lumotlar yagona interaktiv portalga kiritib borilmoqda. Murojaatlarda ko‘tarilgan 5 ming 303 ta masalaning 5 ming 297 tasi, ya’ni 99,9 foizi ko‘rib chiqilgan. Ularning 3 ming 53 tasi ijobiy hal etilgan. Murojaatlarning 2 ming 224 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan. Qabulxonalar tomonidan tadbirkorlarning muammolarini joyida o‘rganish va hal etish, ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish uchun joylarda sayyor qabul o‘tkazilgan. Muloqot va murojaatlar tahlili olib borilayotgan ishlarga qaramay, tadbirkorlarning qonuniy talablarini hal etishda jiddiy muammolar borligini ko‘rsatmoqda. Ayrim mutasaddi idoralar tomonidan ko‘plab kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani aniqlangan.  

Bosh vazir qabulxonalariga 2020 yilda bo‘lgan murojaatlarning 2 ming 13 tasi kredit, 925 tasi yer ajratish, 148 tasi infratuzilma tarmoqlariga ulanish, 156 tasi soliq, 266 tasi sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan bog‘liq masalalar tashkil etgan. Bu ayni sohalardagi idoralarda amaliy ishlash samarador emasligini ko‘rsatib turibdi.  

Ayniqsa, banklar tomonidan tadbirkorlarga kreditlar ajratishda kamchiliklar ko‘pligi ushbu masalada murojaatlar ko‘payishiga olib kelayotir. O‘tgan yil noyabr oyida Bosh vazir qabulxonalari tomonidan hududdagi banklarning bu sohadagi faoliyatini o‘rganish davomida birgina “Agrobank” tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining 559 ta murojaatidan 247 tasi yoki 44 foizining ko‘rib chiqish muddati asossiz buzilganligi aniqlangan. Jumladan, “Agrobank” Mirzacho‘l tuman filiali tomonidan tadbirkor Z.Mamatovaning murojaati 68 kun, “Agrobank” Jizzax filiali tomonidan tadbirkor S.Jabborovning murojaati 59 kun, “Agrobank” Sharof Rashidov filiali tomonidan Tadbirkor S.Soatovning murojaati 86 kunga ko‘rib chiqish muddati asossiz kechiktirilgan.  

Tadbirkorlarning murojaatlariga bunday bepisandlik bilan qarash boshqa idoralar tomonidan ham sodir etilmoqda. Tabiiyki, tadbirkorning qonuniy talabi bajarilmasligi uning takroriy murojaat qilishiga sabab bo‘layotir. O‘tgan yili viloyatdagi qabulxonalarga 226 ta takroriy murojaatlar kelib tushgan.

Jumladan, viloyat hokimligining tegishli kotibiyatlari tomonidan 7 ta, Arnasoy tuman hokimligi tomonidan 10 ta, Zarbdor tuman hokimligi tomonidan 7 ta, Jizzax shahar hokimligi 2 ta, "Jizzax hududiy elektr tarmoqlari" korxonasi va uning hududiy filliallari tomonidan 5 ta, viloyat kadastr agentligi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan 8 ta murojaatning ko‘rib chiqilishida muddatlar asossiz buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.

[gallery-1115]

Shuningdek, “tushuntirish berildi” deb yopilgan 2 ming 224 ta murojaatning aksariyat qismini hal etish imkoni bo‘lishiga qaramay, ayrim idoralar tomonidan yuzaki o‘rganilib, tadbirkorlarga faqatgina tushuntirish berish bilan kifoyalangan. Boshqacha qilib aytganda, shahar va tumanlarning o‘zida hal etish mumkin bo‘lgan, murakkab bo‘lmagan masalalar ham hal etilmasdan qolmoqda. Masalan, G‘allaorol tumanidagi «Akmal-Nur-Servis» xususiy korxonasi rahbari Yu.Tog‘ayevaning o‘z mablag‘lari hisobiga barpo etilgan «Yoshlar mehnat guzari» binosini tabiiy gazga ulashda amaliy yordam so‘rab viloyat «Hududgaz Jizzax» MCHJga qilgan murojaatini hal etish mumkin bo‘lgan. Biroq korxona ma’muriyati kerakli jihozlar omborda yo‘qligini bahona qilib, tadbirkorga tushuntirish bilan cheklangan.

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyundagi "Yoshlar - kelajagimiz" Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni bilan «Yosh tadbirkorlar» kovorking-markazlari va «Yoshlar mehnat guzari» komplekslariga muhandislik kommunikatsiyalari, jumladan elektr, gaz va suv ta’minoti tarmoqlari olib kelish, ulash vazifasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, «O‘zbekenergo» AJ, «O‘ztransgaz» AJ, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar)lar hokimliklari zimmasiga yuklangan. Bu holat Prezidentimiz qarori, farmoni bilan belgilangan vazifalar ijrosi ta’minlanmayotganiga yagona misol emas. Boshqa sohalarda ham mavjud farmon va qarorlar, amaldagi tartiblarga zid ravishda tadbirkorlarga belgilangan imtiyozlarni qo‘llamaslik uchramoqda.  

Bu mas’uliyatsizlikni davlatimiz rahbarining 2020 yil 3 apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni tijorat banklari tomonidan ayrim hollarda bajarilmaganida ham kuzatish mumkin.  

Masalan, Jizzax shahridagi tadbirkor Z.Mirtojiyevaning “Asakabank” tomonidan ajratilgan kredit mablag‘lari to‘lovlari bankning mas’ul xodimlari tomonidan pandemiya cheklovlari munosabati bilan 6 oyga uzaytirilganligi tadbirkorga ma’lum qilinib, biroq 4 oydan so‘ng ikki hissa miqdorda noqonuniy hisoblangan.  

Shu o‘rinda o‘zining funksional vazifasiga bunday bepisandlik bilan qarayotgan idoralarning rahbarlariga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga asosan, Prezident qabul qilgan farmonlar, qarorlar va farmoyishlar, normativ-huquqiy hujjatlarni bajarish butun mamlakat hududida majburiy ekanligini eslatib qo‘yishga to‘g‘ri keladi. Mazkur tartib O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasi bilan ham mustahkamlangan.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: qayd etib o‘tilgan murojaatlarni hal etishning huquqiy asosi bo‘la turib, nima uchun mutasaddi idoralar rahbarlari tomonidan masala o‘z vaqtida hal etilmagan? Bu davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlarga qarshi borish-ku.  

Masalaning yana bir muhim jihati, tadbirkorning, umuman, har qanday fuqaroning murojaatini e’tiborsiz qoldirish odamlarda davlatimiz siyosati, adolat, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga ishonchining susayishiga olib keladi. Shuning uchun mamlakatimiz qonunchiligida murojaatlarni e’tiborsiz qoldirish, ko‘rib chiqish muddatlarini asossiz buzish uchun javobgarlik belgilangan.

Bosh vazirning viloyat qabulxonasi tadbirkorlar murojaatlarini qonuniy hal etishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxslarga nisbatan o‘z vakolati doirasida choralar ko‘rib kelayotir. O‘tgan yili tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklari uchun mas’ul idoralarning 200 nafar rahbar va mas’ul xodimi intizomiy javobgarlikka tortilgan. 9 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilinib, 8 nafari ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Bu masala xalq deputatlari viloyat, shahar va tumanlar kengashlarining sessiyalarida muntazam ravishda tanqidiy muhokama qilib borilmoqda.  

– Tadbirkorlarning haq-huquqlari buzilishiga, qonuniy talablari bajarilmasligiga ayrim mas’ul idoralar funksional vazifalarini to‘laqonli bajarmasligi sabab bo‘layotir, – deydi A. G‘ozibekov. – Bu tadbirkorlar murojaatlarini hal etishda mutasaddi tashkilot rahbarlari mas’uliyatini yanada oshirish uchun ularning javobgarligini kuchaytirishni taqozo etadi. Shu maqsadda 50 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida Oliy Majlisga kiritish uchun Vazirlar Mahkamasiga takliflar berdik.  

Masalaning yana bir muhim jihati, tadbirkorlarning huquqiy savodxonligini oshirishdir. O‘zining haq-huquqini bilgan tadbirkor muammolarni hal etishda qiynalmaydi. Shuning uchun Bosh vazir hududiy qabulxonalari tomonidan tadbirkorlar huquqiy savodxonligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Targ‘ibot ishlari tufayli tadbirkorlarda o‘z haq-huquqlarini talab qilish ko‘nikmalari paydo bo‘layotgani ularning yaratilgan qulayliklardan foydalanish uchun qilayotgan murojaatlari, davlat organlari, amaldorlar oldiga qo‘yayotgan talablarida ham ko‘rinib turibdi. Jumladan, yilning o‘tgan davrida qabulxonaga murojaatlarning 7 tasi ishonch telefoni orqali, 41 tasi qabulxona tomonidan yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qilindi.  

Bosh vazir qabulxonasiga murojaat qilib kelgan har bir tadbirkor muammosini tez va samarali hal etishga umid qiladi. Aslida ham shunday. Qabulxona davlat va fuqarolarning manfaatlari mushtarakligini to‘g‘ri va munosib tarzda ta’minlanishiga xizmat qilishi kerak. Shu ma’noda uni tadbirkor va davlat manfaatini birlashtiradigan tizim sifatida tanimoq, shunday munosabatda bo‘lish zarurligini barcha idoralar rahbarlari tushunib yetishlari kerak.  

T. Beknazarov, J. Yorbekov(surat) O‘zA