Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxda “Gul yetishtiruvchilar uyushmasi” o‘quv markazlari faoliyat boshladi
10:55 / 2022-03-30

Jizzax viloyati Zomin shaharchasida va “Peshag‘or” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Gul yetishtiruvchilar uyushmasi” o‘quv markazlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda tuman hokimligi, sektorlar rahbarlari, hokim yordamchi va yetakchilari, mahalla faollari hamda yoshlar ishtirok etdi.

Prezidentimizning 2021 yil 4 avgustdagi “Respublika hududlarida gulchilik va ko‘chatchilik sohalarini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarori asosida “O‘zbekiston gul yetishtiruvchilar uyushmasi” tashkil etildi.

Respublikada gulchilik va ko‘chatchilik sohalarini rivojlantirish, shu jumladan, gul yetishtirishda aholi bilan kooperatsiya munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, soha mutaxassislari malakasini oshirish, ishlab chiqarish jarayonlariga ilmiy ishlanmalarni joriy etishda tadbirkorlarga har tomonlama ko‘maklashilmoqda.

Davlatimiz rahbarining ushbu qarori ijrosi doirasida viloyatning Zomin va G‘allaorol tumanlari gulchilikka ixtisoslashtirilib, bu hududlarda tajriba tariqasida gulchilik klasterlari tashkil qilinishi belgilangan.

Yuz nafardan ortiq xotin-qizlar va yoshlar mazkur o‘quv markazida bir yarim oy davomida Turkiya davlatidan kelgan gulchilik sohasidagi malakali olimlar tomonidan o‘qitilib, haftaning 2 kuni nazariy va 1 kun amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.

Amaliy mashg‘ulot shu hududda tashkil etilgan gul yetishtirish poligonida bo‘lib o‘tadi. Kelgusida ushbu kurslarni tamomlaganlar bilan viloyat gul yetishtiruvchilar uyushmasi o‘rtasida shartnoma tuziladi va ular tomonidan yetishtirilgan gullar uchun xaridorlar topishda ko‘maklashiladi.

Tadbirda gulchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining o‘z faoliyatlarini kengaytirishlari uchun 0,06 gektardan 1 gektargacha yer maydonlari ochiq elektron tanlov orqali 30 yilga ijaraga berilishi, bundan tashqari “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga gul yetishtirish bo‘yicha agrotexnik tadbirlarni o‘rgatish maqsadida “Gulchilik o‘quv poligon”lari tashkil etilganligi ta’kidlandi.

Tadbir ishtirokchilari mazkur o‘quv markazlarining tantanali ochilish marosimidan so‘ng o‘quv markazlarida yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA