Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxda energiya tejamkor ohak zavodi qurildi
11:50 / 2020-11-18

Jizzax viloyati Forish tumanidagi ohak koni yaqinida “Tianshan Industries” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi barpo etildi.

Keyingi yillarda respublikamizda qurilish ko‘lamining kengayishi qurilish materiallariga talabning keskin oshishiga olib keldi. Bu jarayonda tabiiy gazga muqobil bo‘lgan boshqa yoqilg‘i turlari bilan ishlovchi, energiya tejovchi korxonalarga ehtiyoj ortmoqda.

Shu talabdan kelib chiqib, qurilish materiallari ishlab chiqarish uchun har tomonlama qulay, tabiiy zaxiralarga ega Jizzaxda viloyat hokimligi bilan O‘zbekiston Investitsiya va tashqi savdo vazirligi hamkorligida tabiiy gazga muqobil bo‘lgan ko‘mir yoqilg‘isida ishlovchi energiya tejovchi ohak ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirildi.

“Tianshan Industries” MCHJ shaklidagi qo‘shma korxonaning energiya tejamkor ohak zavodi loyihasining 2,5 million AQSH dollarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya tashkil etadi.

Korxonani barpo etishda tejamkor yoqilg‘idan foydalanish, atrof-muhitni zararsizlantirmaslik va boshqa shartlar qabul qilinib, tegishli normativ huquqiy talablar asosida ishlash hisobga olingan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga asosan korxonaga foydalanish uchun yer maydoni ajratib berilgan.

Korxona yiliga 100 ming tonna, bir kunda 270 tonna maxsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ishlab chiqariladigan mahsulot to‘liq eksportga mo‘ljallangan. U xorijga yiliga 1 million dollarlik mahsulot chiqarishi kutilyapti.

Yangi korxonaning dastlabki bosqichi ishga tushishi bilan 50 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Korxona asosiy qurilish ishlari yakuniga yetdi. Xitoy Xalq Respublikasidan olib kelingan asbob-uskunalar to‘liq keltirib o‘rnatildi.

Ayni paytda korxonaning birinchi bosqichini foydalanishga topshirish xujjatlari to‘planmoqda.

2023 yil yakuniga qadar bitkazilishi mo‘ljallangan loyihaning keyingi bosqichida xomashyoning ortiqcha isrof bo‘lishining oldini olish, atrof-muhitga zarar yetkazmaslik maqsadida zamonaviy qadoqlash sexi ishga tushiriladi, ohak chiqitidan qo‘shimcha mahsulotlar olinadi. Jumladan, xomashyo chiqitidan karbamid, yo‘l qurilishida, tibbiyotda qo‘llaniladigan materiallar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

– Viloyatda to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishda samarali ishlar amalga oshirlayotir, – deydi viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Iskandar Ahatov. – Hududdagi boy tabiiy resurs manbalari, qulay tadbirkorlik muhiti xorijiy investorlarni o‘ziga jalb etmoqda. Shu imkoniyatlardan foydalanib joriy yilda 302,5 million AQSH dollari hajmida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirish belgilangan. Xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxonalarni barpo etishda tabiiy resurslarga boy, markazdan olis hududlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu e’tibor tufayli viloyatning Forish tumani xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar eng ko‘p hudud hisoblanadi. Ushbu “Tianshan Industries” ohak zavodi barpo etilishi bilan tumanda xorijiy kapital ishtirokida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 24 taga yetdi.

Mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga, qulay investitsiya muhitini yaratishga berilayotgan e’tibor tufayli pandemiya davri qiyinchiliklariga qaramay viloyatda xorijiy kapiital ishtirokidagi yirik korxonalarni barpo etish, yangi ish o‘rinlari yaratish izchil davom etayotir. Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda xorijiy kapital ishtirokidagi 16 ta yangi korxona va tashkilotlar tashkil etildi.

Viloyat statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatda ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxona va tashkilotlar soni 200 ta bo‘lib, ulardan 193 tasi yoki 96,5 foizi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19 taga yoki 110,5 foizga oshdi.

Yangi korxonalar, yangi quvvatlar ishga tushirilishi xalqimiz farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi. Ayniqsa, chekka hududlarda yirik korxonalar barpo etilayotgani tadbirkorlikni, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish bilan bilan birga qishloq aholisini ish bilan ta’minlashga ham muhim hissa bo‘lib qo‘shiladi.

 

T. BEKNAZAROV, O‘zA