Sharof Rashidov tumanida “FORIGHT GRANITE MINE” MCHJ tomonidan oziq-ovqat pigmenti ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Jizzax viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Zafar Azimov hamda tuman hokimligi mutasaddilari tomonidan loyihaning joyidagi amalga oshirilish jarayoni o‘rganildi.
Tumandagi “Qulpisar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan mazkur loyiha umumiy qiymati 30 million AQSH dollarini tashkil etib, to‘liq xorijiy investitsiya hisobiga moliyalashtirilmoqda. Loyiha doirasida yiliga 300 ming tonna ohak ishlab chiqarish, keyingi bosqichlarda esa kalsiy oksid va kalsiy gidroksidi mahsulotlarini tayyorlash rejalashtirilgan.

Loyiha to‘liq ishga tushirilgandan so‘ng, tayyor mahsulotlarni Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iz Respublikalariga eksport qilish ko‘zda tutilgan. Bu esa nafaqat mahalliy iqtisodiyotga, balki mamlakat eksport salohiyatini oshirishga ham xizmat qiladi.
Korxona 5 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, shundan 5 ming kvadrat metrga yaqin qismida yopiq inshootlar barpo etilgan. Ayni paytda qurilish ishlari 90 foizga yakunlangan, loyiha litsenziyalash jarayonida bo‘lib, tegishli ruxsatnomalar olingach, sinov asosida ishga tushiriladi.

Loyihaning asosiy xorijiy hamkori — “ZIBO FLITE CERAMIC SPARTNERSHIP LIMITED PARTNERSHIP” kompaniyasi (Xitoy) hisoblanadi. Moliyalashtiruvchi — ATB “Hamkorbank”. Loyihada foydalaniladigan zamonaviy texnologik uskunalar Xitoydan olib kelinmoqda.
Loyiha to‘liq ishga tushgach, 100 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu tuman aholisini ish bilan ta’minlash hamda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda muhim omil bo‘ladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA