Jizzax viloyatining har bir shahar va tuman markazlari, tashkilot, korxona va o‘quv muassasalarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 31 yillik tantanalari keng nishonlanmoqda.
Jizzax shahridagi Markaziy bank Jizzax viloyati bosh boshqarmasida 18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan “Bayrog‘imiz – g‘ururimiz, orimiz!” deb nomlangan bayram tadbir bo‘lib o‘tdi.
Bayram tadbirda falsafa fanlari doktori, professor, xalqaro toifadagi trener, “Ma’rifat” targ‘ibotchilari jamiyati a’zosi Jamila Shermuhammedova mag‘rur hilpirayotgan bayrog‘imiz to‘g‘risida o‘z fikr va mulohazalarini bildirib, Mustaqil davlatimiz ramzlaridan bo‘lgan bayrog‘imiz o‘zida Vatanimiz o‘tmishi, buguni va ertasining muhim qirralarini aks ettirganini ta’kidladi.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Davlat filarmoniyasi xonandasi Faxriddin Nazarov tomonidan bayrog‘imizni tarannum etuvchi vatanparvarlik ila yo‘g‘rilgan qo‘shiqlari bilan yig‘ilganlarga haqiqiy bayramona ruh va ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.
Davlat bayrog‘i qabul qilingan kunga bag‘ishlangan tadbirlar viloyatning barcha hududlarida qizg‘in davom etmoqda.
A.QAYUMOV, O‘zA