Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxda bolalarning 72 foizi maktabgacha ta’lim muassasasalariga qamrab olingan
19:20 / 2021-06-19

Jizzax viloyati Forish tumanining eng olis hududidagi Eshbo‘ldi qishlog‘ida yangi uy bog‘chasi ish boshladi.

Qishloq tadbirkori Xumogul Sandiboyeva o‘z xonadonida tashkil etgan bog‘cha, mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, maktabgacha ta’lim standartlariga javob beradi. Texnik, sanitariya talablariga mos jihozlangan uy bog‘chasi qishloqning 25 nafar kichkintoyni bag‘riga oldi.

– Mahallamizda bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga to‘liq qamrab olish ustida ish olib boryapmiz, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Farida Yodgorova. – Joriy yilda mahallamizda yuz o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim muassasasi qurib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Viloyatda jami 1 ming 147 ta maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatayotir. Ularning 208 tasini davlat, 64 tasini davlat xususiy sherikchilik asosidagi, 863 tasini oilaviy, 12 tasini xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etadi.

So‘nggi 3 oy davomida 200 dan ortiq oilaviy va davlat xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Joriy yilning may oyi yakuniga ko‘ra, viloyat bo‘yicha 3-6 yoshli bolalar soni 117 ming 363 nafar bo‘lib, ulardan 76 ming 253 nafari yoki 72 foizi maktabgacha ta’lim muassasasalariga qamrab olingan. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 65 foizni tashkil etgan edi.

Viloyatda yil yakuniga qadar bolalarni maqtabgacha ta’lim jarayoniga qamrab olish 75,6 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.

T.Beknazarov, O‘zA