Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxda “Besh tashabbus olimpiadasi” g‘oliblari taqdirlandi
20:05 / 2022-11-30

Besh bosqichli “Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkinchi mavsumi doirasida o‘tkazilayotgan tanlov va musobaqalarning respublika final bosqichlari mamlakatimizning barcha hududlaridagi kabi Jizzax shahrida ham shaxmat bo‘yicha o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi bellashuvlar ishtirokchilarda yorqin taassurot qoldirdi.

Prezidentimiz rahbarligida joriy yilning 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda berilgan topshiriqlariga muvofiq “Besh tashabbus olimpiadasi”ni bir yilda ikki marotaba tashkil etish belgilangan edi.

Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 28-29 noyabr kunlari Jizzax shahridagi “Yoshlar innovatsion markazi”da Sportni rivojlantirish vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va qator hamkor tashkilotlar tomonidan ikkinchi mavsum doirasida shaxmat bo‘yicha respublika final bosqichi ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.

Bir qator sport turlari, jumladan shaxmat bo‘yicha ommaviy musobaqalarni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbus doirasida yoshlarni sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, sportning shaxmat turi ommaviyligini yanada oshirishdan iborat.

[gallery-9781]

Jizzaxda ikkinchi mavsum doirasida sportning shaxmat turi bo‘yicha tashkil etilgan respublika final bosqichi 3 yosh toifasi (16-21, 22-26, 27-30) bo‘yicha o‘tkazilib, mamlakatimizning barcha viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahridan jami 84 nafar havaskor shaxmatchi 2 kun davomida g‘olibligi uchun dona surdi.

– Musobaqa davomida sportchilar topqirliklari, zehni, aql-idroklarini yana bir bor sinovdan o‘tkazib oldilar, – deydi ushbu shaxmat musobaqasi bosh hakami Sarvar Yusupov. – Qizg‘in va murosasiz kurashlar ostida o‘tgan shaxmat bahsida 16-21 yoshli o‘g‘il bolalar orasida Andijon viloyati vakili Shohjahon Murodaliyev, qiz bolalar bahsida farg‘onalik Shahrizoda Muxsinova, 22-26 yoshli yigitlar o‘rtasida Surxondaryo viloyatidan Hasan Qorjanov, ayollar o‘rtasida Jizzax viloyati sharafini himoya qilgan Sarvinoz Yusupova, 27-30 yoshli erkaklar va ayollar bahslarida ham Surxondaryo viloyati havaskor shaxmatchilari – Bobomurod O‘tayev hamda Dilafruz Jo‘rayevalar “Besh tashabbus olimpiadasi”ning mutlaq g‘oliblari deb topildi.

Respublika final bosqichining tantanali yopilish marosimida Sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Abdulla Aslanov, Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Akmal Savurbayev va boshqalar g‘oliblarni samimiy qutlab, tadbirni yuqori saviyada tashkil etgan barcha xizmat vakillariga minnatdorchilik bildirdi va ishtirokchilarga oq yo‘l tiladi.

Tadbir so‘ngida musobaqa g‘olib, sovrindor va turli nominatsiya sohiblariga tashkilotchilarning diplom, qimmatbaho va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA