Jizzax shahrida “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2024 yilgi mavsumiga start berildi. Tadbirning tantanali ochilishida sport vaziri Adham Ikromov va Jizzax viloyat hokimi Ergash Saliyev ishtirok etdi.

Shu kuni sport vaziri va viloyat hokimi boshchiligida sport federatsiyalari hamda sport maktablari rahbarlari va mas’ullar ishtirokida hududda sohani yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilish ham o‘tkazildi. Unda sohada amalga oshirilayotgan ishlar, yutuqlar va kamchiliklar tahlil qilindi. Yig‘ilish yakunida mas’ullarga sharoitlarni yanada yaxshilash va sportchi-o‘quvchilarga keng imkoniyatlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Bundan tashqari, butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Jizzaxda ham start olgan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2024 yilgi mavsumini yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha zarur chora-tadbirlarni ko‘rish, musobaqalarni ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
Bu yil yoshlar jami 26 ta eng nufuzli musobaqada ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. “Besh tashabbus olimpiadasi” ana shu xalqaro musobaqalar oldidan muhim sinov vazifasini o‘tab beradi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri