Joriy yilning 21-26 may kunlari Jizzax shahridagi O‘rda “Ekologik bog‘i”da ilk marotaba kattalar o‘rtasida o‘zbek milliy belbog‘li kurashi, qirg‘iz xalqining “Alish” va qozoqlarning “Qazaq kuresi” bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi.
Qit’a chempionati UWW – Birlashgan kurashlar olami, Osiyo belbog‘li kurash konfederatsiyasi, Jizzax viloyati hokimligi va prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi hamda qator vazirlik va tashkilotlar hamkorligida tashkil etilmoqda.
O‘zbek milliy sport turi – belbog‘li kurash nafaqat Osiyoda, balki Yevropa va Afrika davlatlarida ham yildan yilga ommalashib bormoqda. Yodingizda bo‘lsa, 2021 yilning 24-27 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun belbog‘li kurash bo‘yicha 2001-2003 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida ilk marotaba jahon chempionatiga Jizzax shahri mezbonlik qilgan edi. O‘shanda musobaqa hakamlari va jahon chempionatida ishtirok etgan dunyoning 30 dan ortiq davlati terma jamoalar a’zolari tomonidan Jizzaxda musobaqani munosib o‘tkazish borasida amalga oshirilgan tashkiliy ishlarga yuqori baho berilgan edi.
Kuni kecha ushbu sport turlari bo‘yicha Osiyo chempionatida ishtirok etuvchi Hindiston, Eron, Indoneziya, Yaponiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston kabi 20 ga yaqin davlatdan kelgan, jami 300 dan ortiq nomdor polvonlar, barcha davlat delegatsiya a’zolari, hakam va murabiylar tantanali kutib olindi.
Kecha kunning birinchi yarmida musobaqa hakamlari uchun o‘zbek, qirg‘iz va qozoq milliy kurashlarini muvaffaqiyatli o‘tkazish, adolatli va shaffof hakamlikni olib borish hamda ushbu kurashlardagi qoidalar bo‘yicha seminarlar tashkil etildi.
Kunning ikkinchi yarmida mandad komissiyasi o‘tkazilib, kechga borib Qirg‘iz Respublikasining milliy “Alish” (klassik yo‘nalishi) sport turiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bugun Jizzax kurash gilamlarida kattalar o‘rtasida o‘tayotgan Osiyo chempionatida qirg‘iz xalqining milliy “Alish” sport turi bo‘yicha erkaklar 6, ayollar 5 vazn toifasida g‘oliblik uchun bahslashadi.
A.QAYUMOV, O‘zA