Kuni kecha Jizzax shahrida yangi sud binosi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Marosimda jamoatchilik vakillari, sud faxriylari hamda turli soha mas’ullari ishtirok etishdi.
Tadbirda Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov, Jizzax viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Zafar Azimov, Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov va sud faxriysi Baxriddin Norxo‘jayev so‘zga chiqib, yangi sud binosining ochilishi barchani quvontirgani, adolat va ishonch ramzi ekanligini ta’kidlashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan sudlarning chinakam mustaqilligi va odil sudlovni ta’minlash, fuqarolar hamda sud jarayonlarining barcha ishtirokchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ana shu maqsadda Jizzax viloyati sudlari yangi ma’muriy bino bilan ta’minlandi. Inshoot zamon talablari asosida qurilgan bo‘lib, videokonferensaloqa tizimi, audiofiksatsiya, infokiosk va korporativ tarmoq kabi zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan. Bu esa sudning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
– Bu bino va barcha sharoitlar mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning samarasi, aholimiz uchun qulayliklar yaratishga qaratilgan. Sudlarimizda adolat hukm suradi, fuqarolar huquqlari to‘liq himoya qilinadi. Barcha jarayonlar ochiq va shaffof, bu esa xalqimiz ishonchini mustahkamlaydi, – dedi Jizzax viloyati sudining raisi Akrom Shukurov
Yangi sud majmuasi 1,56 gektar maydonda joylashgan va uchta asosiy binodan iborat. Birinchi binoda viloyat sudlari va zamonaviy telekomunikatsiya xonasi, ikkinchi binoda tumanlararo sud, sud departamenti, oshxona va sport zali, uchinchi binoda sud zallari, advokat va prokurorlar xonalari, ona va bola xonasi, tibbiyot xonasi, sud muzeyi va kutubxona joylashgan. Binolardagi liftlar fuqarolar va xodimlar xizmatidaligini ham alohida ta’kidlash joiz.
Majmua binolarida 16 ta sud zali, yirik yig‘ilishlar uchun katta zal, 150 ta xizmat xonasi, arxiv xonasi, kutish zallari, advokat va prokurorlar xonalari mavjud.
[gallery-26128]
Shu bilan birga, fuqarolar uchun qulay infratuzilma, nogironlar uchun maxsus sanuzel va yo‘laklar, dam olish burchaklari va bankomatlar ham tashkil etilgan. Sud zallari audio va video yozuv tizimlari, videokonferensaloqa uskunalari va yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlangan.
Hovli hududida favvoralar, ayvonchalar va keng turargohlar barpo etilgan. Majmuada energiyani tejavchi quyosh panellari va ichimlik suv manbai faoliyat ko‘rsatadi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari