Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxda “Adabiyot kunlari” o‘tkazildi
14:58 / 2021-12-24

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va uning viloyat bo‘limi tomonidan Jizzaxda “Adabiyot kunlari” o‘tkazildi. Unda kitob taqdimotlari, ijodkorlar bilan uchrashuvlar yoxud marhum shoir va yozuvchilarni xotirlash tadbirlari o‘tkazildi.

Ikki kun davom etgan tadbirda dastlab Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim muhabbat va sadoqati ramzi bo‘lgan haykal poyiga gul qo‘yildi. Har ikki adibning xotirasi yod etildi.

So‘ngra “Adabiyot kunlari” doirasida tashkil etilgan tadbirning tantanali qismi Jizzax viloyat musiqali drama teatrida davom ettirilib, unda taniqli shoir, publitsist Ergash Muhammad Atoruh tavalludining 80 yilligi tantanasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda viloyat hokimligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, taniqli shoir va yozuvchilar, shoirning yaqinlari, qarindoshlari so‘zga chiqib, ijodkor ijodi va hayoti haqida to‘xtaldi.

Taniqli shoir va publitsist Ergash Muhammad Atoruh Jizzax viloyatining  G‘allaorol tumanidagi “Qorong‘ul” qishlog‘ida tug‘ilgan. 1954 yil shu qishloqdagi Hamid Olimjon nomidagi 12-sonli to‘liqsiz o‘rta, so‘ngra 1958 yil Jizzax shahridagi Narimanov nomli 5-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabini tamomlagan.

Ergash Muhammad mehnat faoliyatini 1959 yil Jizzax shahrida joylashgan Samarqand fizika-geologiya qidiruv ekspeditsiyasida boshlaydi. 1965 yil Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetiga o‘qishga kiradi. 1970 yilda ushbu oliygohni tamomlagach, Toshkent viloyatining “Toshkent haqiqati” gazetasiga adabiy xodim bo‘lib ishga qabul qilinadi.

U 1981 yildan 1990 yilgacha “Guliston” jurnalida adabiy xodim, adabiyot va san’at bo‘limi mudiri, siyosiy bo‘lim mudiri, ma’sul kotib vazifalarida mehnat qiladi. 1990-1992 yillarda O‘zbekiston Respublikasi “Adabiyot jamg‘armasi” direktori vazifasida faoliyat yuritadi. 1997 yildan “O‘zbekiston avtotransporti” jurnali bosh muharriri vazifasida xizmat faoliyatini davom ettirgan adib 2000 yilda G‘allaorol tumaniga, jonajon qishlog‘iga qaytib keladi.

Ijodkor ayni paytda qizg‘in  ijod  og‘ushida va doimiy ijodiy izlanishda.

Ergash Muhammad Atoruh “Kunchiqar qo‘shiqlari”, “Zaminga sadoqat”, “Uchinchi qutb”, “Uchayotgan qushlar”, “Men tug‘ilgan uy”, “Yarador yurak” nomli kitoblari bilan allaqachon o‘z o‘quvchilari mehrini qozonib bo‘lgan.

Ijodiy kechada adibning O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Adib va jamiyat” rukni ostida chop etilgan “Yarador yurak” nomli kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

“Adabiyot kunlari” davomida G‘allaorol tumanida tug‘ilib o‘sgan yana bir yozuvchi Soyim Ishoq ham Jizzaxda mehmon bo‘lib yoshlar bilan suhbat qurdi.

[gallery-5203]

“Adabiyot kunlari”ning ikkinchi kuni Sharof Rashidov tumanidagi “Olmachi” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan harbiylar shaharchasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, jizzaxlik iqtidorli shoira Mehribon Abdurahmonovaning “Vatan, yuragimning urishin eshit” nomli kitobi taqdimoti o‘tkazildi.

– Taniqli yozuvchi va shoirlar ishtirokidagi ijodiy uchrashuvlar, kitob taqdimotlari zamirida keng jamoatchilik orasida badiiy adabiyotni targ‘ib qilish, yosh avlod  qalbida chin insoniy fazilatlarni kamol toptirish, jonajon Vatanga, ona xalqiga nisbatan mehr-muhabbat tuyg‘ularini yuksaltirishdek ulug‘vor maqsadlar mujassam, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari, iqtidorli shoira Mehribon Abdurahmonova. – Shuningdek, viloyatimiz yoshlari ushbu zaminda tug‘ilib, kamol topib, shiddat va muhabbat bilan ijod qilayotgan yozuvchi va shoirlarini yaqindan tanish, suhbatlaridan bahramand bo‘lishini ta’minlashdan iborat.

Jizzax viloyatida 2 kun davomida o‘tkazilgan “Adabiyot kunlari” ishtirokchilar ayniqsa, jizzaxlik yosh ijodkorlarda ulkan taassurot qoldirdi.

 

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA