Jizzaxda 73,5 gektar yer o‘zboshimchalik bilan egallab olingan
Kadastr agentligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, agentlikning Jizzax viloyati boshqarmasi inspektorlari tomonidan viloyatda 73,5 gektar yer maydonidan noqonuniy foydalanilayotgani aniqlangan.
Tahlillarga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonining 20 gektari yoki 52 foizi uy-joy qurish, 1,2 gektari noturar joy qurish, 45,3 gektari tomorqa sifatida foydalanish, 0,3 gektari baliq hovuz qurish, 6,5 gektari boshqa maqsadlar uchun egallab olingan. O‘zboshimchalik bilan egallab olingan mazkur yer maydonining 42,5 gektari qishloq xo‘jaligi yerlarini tashkil etmoqda.
O‘zboshimchalik bilan egallangan 509 ta holatning 75 tasi joyida bartaraf etilgan. Shuningdek, 8 ta holat bo‘yicha sud organlariga da’vo arizalari kiritilgan.
Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA