English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxda 6 mingdan ortiq ishchi hisobotlardan yashirilgani aniqlandi
17:47 / 2021-05-12

Jizzax viloyati davlat soliq idoralari tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda o‘rganishlar o‘tkazilib, norasmiy to‘lanayotgan ish haqi jamg‘armasini legallashtirish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilayapti.

Mamlakatimizda soliq yukini yengillashtirish siyosati izchil amalga oshirilmoqda. Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi doirasida mehnatga haq to‘lash fondiga soliq yukini kamaytirish maqsadida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining 12 foizli stavkasi joriy qilindi. Pensiya jamg‘armasiga 8 foizli sug‘urta badali bekor qilinib, ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizga tushirildi. Joriy yil 1 yanvardan boshlab qurilish korxonalariga ishchilarni ularga ish haqini naqd pulda to‘lash huquqi asosida shartnoma tuzmasdan yollashga muddatli ravishda ruxsat berildi.

Biroq yaratilayotgan yengilliklarga qaramasdan ayrim ish beruvchi tashkilotlarda ish o‘rinlarini yashirish, xodimlarga konvertda haq to‘lash hollari sodir etilayotir.  

Viloyat davlat soliq boshqarmasi, Jizzax shahar soliq inspeksiyasi tomonidan o‘rganishlar davomida joriy yilning yanvar-aprel oylari davomida 2 ming 593 ta korxonada ishlayotgan 6 ming 146 nafar xodim hisobotlardan yashirilgani aniqlandi. Ularning 3 ming 638 nafari 18-30 yosh oralig‘idagilar ekani hisobga olinsa, shuncha yigit-qizning mehnat huquqlari poymol bo‘layotgani oydinlashadi.

O‘rganishlar natijasi bo‘yicha korxonalar qayta hisobot topshirib, aniqlangan farqlar to‘g‘rilandi.

– Soliq hisobotlarida xodimlarga to‘lanayotgan ish haqi, ularning soni haqidagi ma’lumotlarni to‘lig‘icha aks ettirmaslik soliq bazasini yashirib ko‘rsatish hisoblanadi, – deydi viloyat DSB yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Sarvar Sulaymonov. – Bu holat Soliq kodeksining 223-moddasiga muvofiq tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi. Soliq bazasini yashirganlik uchun aniqlangan soliq bazasi summasining 20 foizi miqdorida moliyaviy jarima qo‘llaniladi.  

Hisobotlar to‘g‘rilanadi, qoida buzuvchi mas’ullar jazolanadi. Ammo har bir xodim ham ish haqini qonuniy asosda olishga harakat qilishi kerak. Bu faqat davlatga soliq to‘lash uchun emas, xodimning kelgusidagi faoliyati, kasallik davri, sug‘urta, pensiya nafaqalari olishi uchun asos bo‘ladi.  

 

T.Beknazarov, O‘zA