Jizzax shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 4-Jizzax okrug saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va a’zolari, Jizzax shahri va 12 ta tuman hokimlarining tashkiliy-kadrlar guruhlari rahbarlari hamda markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

4-Jizzax okrug saylov komissiyasi raisi Shavkat Sharipov boshqarib borgan majlisda okrug saylov komissiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha saylov uchastkalarini tuzish masalasi ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 10- va 22-moddalariga asosan okrug saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha saylov uchastkalarini shahar va tumanlar hokimlari taqdimnomalaridan kelib chiqqan holda tuzilishi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda Jizzax shahri va 12 ta tuman hokimlarining tashkiliy-kadrlar guruhlari rahbarlari saylov uchastkalari to‘g‘risidagi o‘z taqdimotlarini o‘tkazdi.
Tadbirda Jizzax shahri va 12 ta tuman hududlari bo‘yicha 524 ta saylov uchastkasini tuzish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar mavzuga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollariga okrug saylov komissiyasi raisi Shavkat Sharipov hamda komissiya a’zolaridan batafsil javob oldi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA