Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxda 4 kunda 2 yong‘in sodir bo‘ldi
16:30 / 2022-01-04

Kirib kelgan yangi 2022 yilning o‘tgan 4 kuni davomida Jizzax viloyatida 2 ta yong‘in sodir bo‘ldi.

Bu haqda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Axborot xizmati xabar berdi.

Kuni kecha tungi soat 23:33 larda Jizzax shahar “Madaniyat” mahalla fuqarolar yig‘inidagi xonadonlarning birida yong‘in sodir bo‘lgan. Bu haqdagi xabar kelgani zahoti shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limining 2 ta yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi 5 daqiqa oralig‘ida, ya’ni soat 23:38 da yong‘in joyiga yetib borgan.

Yong‘in soat 00:02 da batamom o‘chirilgan. Yong‘in sodir bo‘lgan xonadonning 30 kvadrat metr maydonda tom-shift qismi jiddiy zarar ko‘rgan. Baxtli tasoddif tufayli yong‘indan jabrlanganlar va halok bo‘lganlar yo‘q.

Viloyat FVB Axborot xizmati xabarida ta’kidlanishicha, dastlabki surishtiruv natijalariga ko‘ra, yong‘in elektr simlarining qisqa tutashuvi natijasida sodir bo‘lgan. Tilsiz yov tufayli ko‘rilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Bugun 4 yanvar kuni tungi soat 00:30 larda Baxmal tumani “Fayzobod” mahalla fuqarolar yig‘inida xonadonlarning birida yong‘in sodir bo‘lgan.

Ushbu yong‘in haqida 101 qisqa raqami orqali xabar kelib tushgach, voqea joyiga tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limining qutqaruv bo‘linmasi xodimlari zudlik bilan yetib borgan. Ularning tezkor harakatlari samarasida olov tungi soat 00:45 da batamom o‘chirilgan. Ushbu tezkorlik natijasida yong‘in sodir bo‘lgan xonadonning 42 kvadrat metr maydondagi moddiy boyliklari saqlab qolinishiga erishilgan.

Mazkur favqulodda holatda ham tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar yo‘q.

Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi yuqoridagi kabi ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida, boshqarmaning quyi shahar va tumanlar tizimi vakillariga aholi orasida yong‘inga qarshi profilaktik tadbirlar izchilligini yanada oshirishga, fuqarolarni esa yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.

A.Qayumov, O‘zA