Sobiq Turkiston Xalq Respublikasi Maorif komissarligining 1921 yil 7 maydagi buyrug‘i bilan markaziy shaharlarda, jumladan, Jizzax shahrida ham 25 kishidan iborat sayyor teatr truppasi tuzilgan.
Dastlab havaskorlik drama to‘garagi asosida faoliyat olib borgan sayyor teatr truppasi 1927 yil siyosiy-oqartuv bo‘limi ixtiyoriga olinib, “Ko‘k ko‘ylak” nomi bilan faoliyat yuritgan. O‘sha yillari teatrga jizzaxlik iqtidorli san’atkor, marhum Mamarajab Hoji rahbarlik qilgan.
Teatrning ilk sahnalashtirilgan asari “Halima” deb nomlanib, ushbu asarga P.Nosirov rejissyorlik qilgan. Keyinroq teatr ijodkorlari Sadriddin Ayniy asari asosida sahnalashtirilgan “Buxoro jallodlari”, Hamzaning “Tuhmatchilar jazosi”, U.Hojibekovning “Arshin mololon” kabi spektakllarini sahnalashtirib, jizzaxlik tomoshabinlar hukmiga havola etgan.
Samarqand viloyati tarkibida bo‘lgan Jizzax shahridagi teatr 1932 yilda Samarqand kolxoz-sovxoz teatriga aylantiriladi. O‘z davrining taniqli san’atkori S.Jo‘raboyev teatrga badiiy rahbar etib tayinlanadi. Teatr repertuaridan “Boy ila xizmatchi” (Hamza), “Malikai Turandot” (Gotssi), “Gulsara” (K.Yashin va M.Muxamedov pesasi, T.Jalilov musiqasi) va boshqa bir qator spektakllar o‘rin olib, tomoshabinlar mehrini qozonadi.
1941 yil Ikkinchi jahon urushi boshlanib, teatrning bir qator iqtidorli san’atkorlari frontga jo‘nab ketgan bo‘lsa, yana bir qismi frontda jang qilayotgan askarlarga konsert qo‘yish harbiy truppasiga jalb etiladi.
[gallery-8202]
Ikkinchi jahon urushi yillarida qator san’atkorlaridan ajralib qolgan teatr ijod qilishdan to‘xtamaydi. 1957 yil kolxoz-sovxoz teatrlarining birlashishi munosabati bilan Jizzax kolxoz-sovxoz teatri badiiy truppasi a’zolari Samarqand va Surxondaryo viloyatlari musiqali drama teatrlari ixtiyoriga o‘tkaziladi. Teatr 1960 yilda xalq teatri unvoniga sazovor bo‘ladi.
1964 yilda yangi Sirdaryo viloyati tashkil etilishi munosabati bilan mazkur xalq teatri viloyat musiqali drama teatri, deb atala boshlandi. Qisqa yillar oralig‘ida Guliston shahrida teatr binosi qurib bitkazilgach, ushbu teatr o‘zagida Sirdaryo viloyat musiqali drama teatri tashkil etildi.
1974 yilda Jizzax viloyati tashkil etilgach, Jizzax shahar teatri Jizzax viloyat musiqali drama teatriga aylantirilib, respublikadagi viloyat musiqali drama teatrlari orasida yetakchiga aylanadi.
Davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov tashabbusi bilan 1980 yil viloyat markazida teatrga moslab maxsus qurilgan 700 o‘rinli yangi bino foydalanishga topshirilib, jamoa eski madrasadan shu binoga ko‘chib o‘tdi.
O‘zbek xalqining taniqli rassomi Chingiz Axmarov o‘z shogirdlari bilan teatr devoriga Sharof Rashidovning “Kashmir qo‘shig‘i” asaridagi “Sharqning yetti go‘zali” aks etgan san’at asarini yaratdi. Afsuski, 2018 yilda teatr binosi qayta ta’mirlangan vaqtda teatr binosi foyesi devorida aks ettirilgan suratlar ustidan bo‘yab yuborilgan.
bugungi kunda teatr ijodkorlari, jamoa a’zolari ko‘ngildagidek faoliyat yuritishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Mamlakatimizda sanoqli teatrlarda bo‘lgan harakatlanuvchi sahna, sahna orti, grimyorlar, aktyorlar xonalari, mashg‘ulot uchun kichik zal, eksponatlar uchun ombor va ustaxona, aktyorlarning spektakl ijro etishlaridagi liboslari va ularni saqlash joyi, rassom va uning ijodxonasida ham zarur qulayliklar mujassam.
Teatr binosi qayta ta’mirlanganida, tomoshabin va sahna o‘rtasida spektakl paytida joylashgan orkestr qisqartirib yuborilgani sabab u yerdagi maxsus orkestr joyining usti pol qilib yopib yuborilgan.
– Orkestrni qayta tiklab berish to‘g‘risida xat bilan chiqdik, – deydi Jizzax viloyat musiqali drama teatri direktori G‘ulom Darxanov. – 42 ta shtat birligi ajratiladigan bo‘ldi. Hozircha bizni qiynaydigan ushbu muammo kelgusi yil boshidan orkestr va ular uchun maxsus joy ham to‘liq tiklanib, faoliyatini davom ettiradi.
– Joriy yil aprel oyida Surxondaryo viloyatida, yaqinda esa Farg‘ona vodiysida gastrolda bo‘lib qaytdik, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, oliy toifali aktyor, truppa rahbari Abduraim Lapasov. – Har ikki viloyatda ham dastlab bizni uncha xushlamay kutib olgan tomoshabin, spektakllarimizni tomosha qilgach, keyingi kunlardan boshlab, zal tirband bo‘lib ketdi. Olqishlarni, aktyorlarimizni bag‘irlariga bosib, yana albatta kelinglar, deya ko‘z yoshi bilan xayrlashdi. Jizzaxlik tomoshabinlar mehrini yuz yildan beri qozonib kelayotgan teatr ijodkorlarini bugun respublikamizning barcha viloyatlarida tanishi, tan olishi – bu aktyor, ijodkor uchun katta baxt.
– Qo‘qon shahrida o‘tgan turkiy xalqlar madaniyatini namoyon etuvchi “Turksoy” xalqaro ijodiy konferensiyada qirg‘iz xalq yozuvchisi Sulton Rayevning “Toj” asari asosida sahnalashtirilgan spektakl bilan qatnashib, maxsus diplom bilan taqdirlandik, – deydi Jizzax viloyat musiqali drama teatri bosh rejissyori Shohrux Yo‘ldoshev. – Bunday muvaffaqiyatga faqat 2 ta – Qashqadaryo va Jizzax viloyatlari musiqali drama teatrlari musharraf bo‘lgan.
bugungi kunda Jizzax viloyat musiqali drama teatrida 83 kishi faoliyat olib boryapti. 33 nafar ijodiy xodimning 6 nafari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoniga ega.
Mazkur ma’lumotlar O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Jizzax viloyat bo‘limi tomonidan viloyat musiqali drama teatriga tashkil etilgan press-tur davomida OAV vakillariga taqdim etildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA