Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxda 10 minginchi “KIA” konveyrdan chiqdi
12:20 / 2022-12-18

“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasidagi “ADM Jizzakh” avtomobil zavodida 10 minginchi “KIA” rusumli avtomashina konveyrdan chiqdi.

O‘tgan 2021 yilda ish boshlagan zavod yiliga 25 ming dona avtomobil yig‘ish quvvatiga ega bo‘lib, loyihaning birinchi bosqich qiymati 12 million AQSH dollaridan oshgan. bugungi kunda ushbu zavod multibrend hisoblanib, unda 13 turdagi “KIA”, “Renault”, “Chery” va “Lada” avtomobillari yig‘iladi. Korxonada 150 nafarga yaqin malakali mutaxassislar mehnat qilmoqda.

O‘zbekistonda 10 minginchi “KIA” avtomashinasi chiqarilishiga bag‘ishlangan o‘ziga xos yubiley munosabati bilan “KIA motors” avtomobil kompaniyasi vitse-perzidenti boshchiligida kelgan delegatsiya a’zolariga “ADM Jizakh” zavodi, uning quvvati, imkoniyatlar va kelgusidagi rejalar taqdimoti o‘tkazildi. Taqdimot ishtirokchilari hozirda avtomobillarning asosan yirik ehtiyot qismlari yig‘iladigan ushbu zavodda kelgusida kichik detallarni ham yig‘ish va ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich mahalliylashtirish borasidagi rejalar bilan tanishtirildi.

Ushbu loyihaning ikkinchi bosqichi 2023 yilning 4-choragi va 2024 yilning 1-choragida ishga tushirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, avtomobillar uchun 314 turdagi butlovchi qismlarni tayyorlash, payvandlash, bo‘yash, yig‘ish ishlari yo‘lga qo‘yiladi. Zavod quvvati yiliga 100 ming dona avtomobil va ular uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarishga yetishi kutilmoqda. Buning samarasi o‘laroq, zavodda yana 3 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi. Kadrlarning malakasini oshirish borasida ham “KIA” kompaniyasi bilan o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Hozirda ikkinchi bosqich uchun qurilish ishlari davom etmoqda. 2-bosqichda zavodda mahalliylashtirishni 30 foizga, yillik avtomobil eksportini 150 million AQSH dollariga yetkazish maqsad qilingan.  

Bundan tashqari, avtomobil zavodi tayyor avtomobillar va butlovchi qismlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtiradi, konstruktorlik tadqiqotlari, logistika va kadrlar tayyorlash bilan shug‘ullanishni boshlaydi.

A.QAYUMOV, O‘zA