Jizzax viloyati markazi – Jizzax shahrida zamonaviy urbanistik rivojlanish – “Dizayn kod”, “Fazoviy rejalashtirish” va “Transport modeli” pilot loyihalarini amalga oshirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shahar urbanizatsiyasi jamiyat taraqqiyotida shaharlarning rolini oshirish jarayoni hisoblanib, nafaqat shaharni rejalashtirish, balki zamonaviy shahar makonlarini rivojlantirishda markaziy rol o‘ynaydigan, odamlar yashashi uchun qulay, funksional va barqaror muhitni yaratishga qaratilgan butun bir hududdir.
Urbanistik rivojlanishda turli sohalardagi bilimlar birlashtirilib, arxitektura, ekologiya, sotsiologiya, iqtisod va muhandislik fanlari zamonaviy muammolarni hal qila oladigan va barcha fuqarolar uchun qulaylik va hayot sifatini ta’minlaydigan samarali va barqaror shahar tizimlarini yaratish demakdir.
Bugungi kunda shaharsozlikning ahamiyatini ortiqcha baholash qiyin, chunki u transportdan foydalanish imkoniyatini yaxshilash, yashil hududlarni yaratish, turarjoy hududlarini optimallashtirish, nogironlar uchun xavfsiz va qulay muhit yaratish, shuningdek, shaharning tarixiy merosi va madaniy qadriyatlarini saqlash kabi muammolarni hal qilishga qaratiladi.
Zamonaviy urbanizm nafaqat shahar muhitini estetik jihatdan yaxshilashga, balki aholining barcha toifalari uchun qulay va xavfsiz muhitni yaratishga e’tibor qaratib, fuqarolarning hayot sifatini yaxshilashga intiladi.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 10 yanvardagi “Urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida Jizzax shahrida ham bir qator samarali ishlar amalga oshrib kelinmoqda.
Shaharni “Fazoviy rejalashtirish”, “Dizayn kod” va “Transport modeli” kabi pilot loyihalarni xorijiy loyiha tashkilotlari va konsultantlar ishtirokida ishlab chiqish topshirig‘i berilgan. Ushbu loyihalar “Agrobank” ATB homiylik mablag‘lari hisobidan bosqichma-bosqich amalga oshirilishga kirishilganini ham ta’kidlab o‘tish joiz. Bugungi kunda viloyatda shahar infratuzilmasini modernizatsiya qilish, zamonaviy urbanistik yechimlarni joriy etish bo‘yicha muhim tashabbuslar olib borilayotgani esa alohida tahsinga loyiq.
Ana shu maqsadda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, “Agrobank” ATB, Jizzax viloyat hokimligi huzuridagi loyiha ofisi, arxitektura va qurilish boshqarmasi mas’ullari hamda Jizzax shahar hokimligi vakillari ishtirokida Malayziyaning nufuzli “APUDG SDN BHD” loyiha kompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Unda Jizzax shahrining “Dizayn kod” loyihalarini bosqichma-bosqich ishlab chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Mazkur loyihalar shaharni zamonaviy me’yor va talablar asosida rivojlantirish, yagona arxitektura konsepsiyasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Shaharsozlik va rejalashtirish sohasida katta tajribaga ega bo‘lgan “ APUDG SDN BHD” kompaniyasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Agrobank” ATB homiyligida loyiha ishlariga jalb qilinmoqda. Bu esa, ushbu pilot loyihalar ishini yanada tezkor olib borish va xalqaro tajribani mahalliy sharoitga moslashtirish imkonini beradi. Pilot loyihalarning izchil joriy etilishi Jizzax shahrining jadal va barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.
Ushbu pilot loyihalarning amalga oshirilishi natijasida aholiga yanada qulay, zamonaviy va estetik muhitga ega shahar maydonlari yaratiladi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri