Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyatining beshta tumanida uzumchilikni rivojlantirishga bag‘ishlangan seminarlar yakunlandi
12:38 / 2021-08-08

Respublika Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi ham Jizzax viloyati hokimligi tashabbusi bilan viloyatning bir qator tumanlarida o‘tkazib kelinayotgan uzumchilik klasteri, dehqon fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 2021-2022 yillarda yangi uzumzorlar barpo etish bo‘yicha ilmiy-amaliy seminarning navbatdagisi Zomin tumanida tashkil etildi.

Ushbu ilmiy-amaliy seminarda viloyat hokimligi qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi, respublika Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentliklari, mutasaddi korxona, tashkilotlar, uzumchilik klasteri, dehqon fermer xo‘jaliklari hamda ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.

Prezidentimiz tomonidan joriy yil 28 iyulda qabul qilingan “Uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati atroflicha tushintirildi.

Ushbu qaror doirasida seminarlar viloyatning G‘allaorol, Yangiobod, Baxmal, Forish va Zomin tumanlarida o‘tkazildi.

Tadbirda uzumzorlarni zararkunanda va kasalliklardan samarali himoya qilish, muqobil energiya manbai yaratish, ya’ni, quyosh panellari o‘rnatish, tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etishning afzalliklari, bog‘ va uzumzorlar barpo etish uchun ajratiladigan kreditlar va ularning imtiyozlari to‘g‘risidagi ma’ruzalar tinglandi.

Zomin tumanida uzumchilikni rivojlantirish maqsadida jami 4 ming gektar maydonda uzumzorlar barpo etish mo‘ljallangan bo‘lib, fermer xo‘jaliklarida 3 ming 538 gektar, uzumchilik klasterlarida 112 gektar, aholi tomorqalarida esa 350 gektar tokzorlar barpo etish ko‘zda tutilgan. Buning natijasida 1 ming 460 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Tumanda joriy yilning kuz faslida 992 gektar, 2022 yil bahorida 2 ming 658 gektar, shundan 794 gektar xo‘raki, 1 ming 196 gektar kishmishbop, 1 ming 160 gektar sanoatbop tok ko‘chatlari ekilishi rejalashtirilmoqda.

Mazkur ilmiy-amaliy seminar trening davomida ishtirokchilar “ZOMIN ORIGINAL GARDEN” bilan yaqindan tanishib, bu yerda amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. Uzumchilik bo‘yicha ajratilgan umumiy 35 gektar yer maydonining holati, shpaler va ishkomlarning qanday turlari qo‘llanilishi, tok ko‘chatlari bilan ishlash, ularga ishlov berish va parvarishlash, tomchilatib sug‘orishning afzalliklari borasida ham ma’lumotlar berildi.

“ZOMIN ORIGINAL GARDEN” MCHJ yer maydonining 15 gektariga xo‘raki, 21 gektariga kishmishbop uzum navlari ekiladi. Bu yerda tomchilatib sug‘orish va qishloq xo‘jaligidagi eng zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish yuzasidan ko‘rilgan tadbirlar haqida so‘z bordi.

Prezident qaroridan kelib chiqadigan vazifalar ijrosi doirasida Jizzax viloyatining bir qator uzumchilik sanoatini rivojlantirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan ilmiy-amaliy seminar o‘z ishini yakunladi.

[gallery-3332]

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA