Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Jizzax filiali tomonidan viloyatning joriy yil yanvar-sentyabr oylaridagi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari tahlil qilindi. Ushbu davrda Jizzax viloyatida YAHM, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar va qurilish sohalarida yuqori o‘sish sur’atlari qayd etildi, tashqi savdoda pasayish kuzatilgan bo‘lsa-da, umumiy makroiqtisodiy barqarorlik saqlandi.
2025 yilning 9 oyi davomida Jizzax viloyati iqtisodiyoti barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etdi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yilning 9 oyi davomida deyarli barcha yirik tarmoqlarda ijobiy dinamika kuzatildi. Yalpi hududiy mahsulot hajmi 37,8 trln. so‘mni tashkil etib, 8,8 foizlik o‘sishga erishdi – ushbu ko‘rsatkich respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori natija hisoblanadi.
Viloyat iqtisodiyotining asosiy drayverlari sanalmish sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalari mos ravishda 14,1 foizdan o‘sish qayd etdi. Sanoatda 26,8 trln. so‘mlik, qishloq xo‘jaligida esa 24,6 trln. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.
Xizmat ko‘rsatish sohasi ham sezilarli faollashib, 16,9 trln. so‘mlik hajm bilan 14,5 foiz o‘sishni qayd etdi. Chakana savdo aylanmasi 8,5 trln. so‘mga yetdi va 8,9 foizga oshib, aholi iste’mol faolligining ortib borayotganini ko‘rsatdi.
Qurilish sohasi 17,3 foizlik o‘sish bilan eng jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlardan biriga aylandi, bu soha hajmi 5,9 mlrd. so‘mni tashkil etdi. Asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar esa 18,7 trln. so‘mga teng bo‘lib, 2,1 foizlik o‘sayotgani qayd etildi.
Shu bilan birga, tashqi savdo ayirboshlashida pasayish kuzatildi: eksport 121,4 mln. dollargacha tushib, 20,3 foizga kamaydi, import esa 1 167 mln. dollar atrofida bo‘lib, 20,5 foizga pasaydi.
Shuningdek, iste’mol narxlari indeksi 100,6 foiz atrofida saqlanib, inflyatsiya past darajada ekanini va makroiqtisodiy vaziyat barqarorligini ko‘rsatdi.
Umuman olganda, Jizzax viloyati 2025 yilning 9 oyida iqtisodiyotning asosiy yo‘nalishlarini rivojlantirishda yuqori sur’atlarni namoyon etdi. Ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sektoridagi o‘sish viloyat iqtisodiy salohiyatining ortganini tasdiqlaydi.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA