Joriy yil 19 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida “mahallabay” ishlash tizimi natijadorligini oshirish hamda aholi bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektorda hali hududlarda 40 foiz mahallada hokim yordamchilarining ishida natija ko‘rinmagani, 450 ta mahallada ishsizlik darajasi 20 foizdan yuqori ekanligi qattiq tanqid ostiga olingan edi.
Xo‘sh, Jizzax viloyatida mazkur lavozim egalarining ish faoliyati samaradorligi qoniqarlimi?
Viloyatda 2022 yil 10 yanvardan barcha 299 ta mahallada hokim yordamchilari o‘z faoliyatlarini boshlagan. Hokim yordamchilari tomonidan 239,9 ming xonadon to‘liq xatlovdan o‘tkazilgan va online-mahalla.uz platformasiga kiritilgan. Xatlov natijalariga ko‘ra, xonadonlar 4 toifaga bo‘linib, toifasiga qarab har bir oila bilan individual ishlash yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, xatlov natijalariga ko‘ra, 1-toifa – daromadi kam, biroq daromad topishga harakat qilayotgan xonadonlar 13 ming (5,4%), 2-toifa – doimiy daromadga ega, qo‘shimcha daromad topish istagidagi xonadonlar 154,9 ming (64,6%), 3-toifa – ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan xonadonlar 12,4 ming (5,2%), 4-toifa – iqtisodiy ahvoli yaxshi va o‘ziga to‘q xonadonlar 59,6 mingtani (24,8%) tashkil etgan.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda bir qator tashkilotlar hamkorligida viloyatda mahallabay ishlash va hokim yordamchilari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Unda qayd etilishicha, bugungi kunda viloyatda ishsiz aholi bandligini ta’minlash, fuqarolarni o‘zini o‘zi band qilish, oilalar iqtisodini mustahkamlash uchun daromad manbaini yaratish maqsadida bir qator loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
Jumladan, viloyatida parrandachilikni rivojlantirish uchun 299 ta mahallaga “Agrobank” ATB tomonidan 3 milliard so‘mlik homiylik mablag‘lari hisobidan 300 dona (150 ming bosh quvvatga ega) inkubator va generatorlar olib hokim yordamchilari ixtiyoriga berilgan. Hozirda ushbu inkubatorlarga 597,3 ming dona tuxum qo‘yilib, 313,3 mingdan ortiq jo‘ja ochib chiqildi.

Joriy yil boshidan 205,5 ming dona jo‘ja 4 ming 819 ta xonadonga tarqatilgan. O‘tgan yili 7-9 mingdan jo‘ja tarqatilgan bo‘lsa, bu yil ushbu berilgan inkubatorlar orqali ochirilgan jo‘jalarni 3-5 ming so‘mdan aholiga arzon narxlarda yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yildi. Viloyatdagi mavjud 299 qishloq va mahalla fuqarolar yig‘ini elektr ta’minotida uzilish bo‘lganida uzluksiz ishlab turishini ta’minlash maqsadida elektr motorlar bilan ta’minlangan. Bundan tashqari 9 ming 414 ta fuqaroga 4 ming 615 gektar yer uchastkalari “E-AUKSION” savdo maydonchasi orqali ajratib berilib, ularning bandligi ta’minlangan.
Jizzax viloyatida “Agrobank” ATB boshqaruv raisi o‘rinbosari A.Ergashevning ta’kidlashicha, hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil qilish maqsadida “Agrobank” ATB homiylik mablag‘lari hisobidan 4,5 milliard so‘m mablag‘ ajratib berilgan.

Ushbu mablag‘ hisobidan 299 ta shkaf, 299 ta stol, 1 ming 250 ta stul, 271 ta kompyuter, 274 ta printer (3x1), 4 ta konteyner (jihozlangan xona) bilan ta’minlangan. 29 ta hokim yordamchilari xonasining ijara to‘lovi qoplangan. 125 ta hokim yordamchilari xonasi ta’mirlangan.
Viloyat bo‘yicha tanlab olingan 48 ta namunali mahalla hududida uzumchilik, bog‘dorchilik, issiqxona, baliqchilik bo‘yicha 49 ta loyihani amalga oshirish uchun “Agrobank” ATB tomonidan 13,7 milliard so‘mlik homiylik mablag‘lari ajratib berilgan. Joriy yilning 23 iyun holatiga viloyat tijorat banklari tomonidan 9 ming 836 nafar talabgorga 251,8 milliard so‘mlik kreditlar (yillik reja 47%) ajratib berilgan.

Quyonchilik sohasini rivojlantirish maqsadida joriy yilda 17,1 ming dona, jumladan 6,9 milliard so‘m kredit hisobiga 14,6 ming dona va tumanlardagi 4 ta sektor rahbarlari tomonidan 2,5 ming dona quyon homiylik asosida olib berilgan. Shuningdek, “Agrobank” ATB tomonidan yangidan 17 ta quyonchilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etilib, ularga 2,1 milliard so‘m kredit ajratilgan. Ushbu kredit hisobidan 4,9 ming dona quyon olib kelingan. 2022 yil 1 iyun holatiga 17 ta tadbirkor tomonidan 238 ta xonadonga 2,6 ming dona quyon tarqatilgan.
Asalarichilik sohasini rivojlantirish maqsadida joriy yilda 11,4 ming dona, jumladan 8,4 milliard so‘m kredit hisobiga 304 ta fuqaroga 7,2 ming dona va tumanlardagi 4 ta sektor rahbarlari tomonidan 4,2 ming dona asalari uyasi homiylik asosida olib berilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA