Jizzax viloyatida quvvati 1000 MVtgacha bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha O‘zbekiston Energetika vazirligi va Xitoyning “China Huadian Overseas Investments”, “CNEEC” (China National Electric Engineering Company) va “SANY Renewable energy” kompaniyalari o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.
Vazirlik matbuot xizmatiga ko‘ra, mazkur kelishuv bo‘yicha “China Huadian Overseas Investments” kompaniyasi investor sifatida, “CNEEC” kompaniyasi bosh pudratchi, “SANY Renewable energy” kompaniyasi esa shamol turbinalarini yetkazib beruvchi sifatida loyihada ishtirok etadi.

Kompaniyalar stansiya qurish bo‘yicha qurilish maydoniga chiqib o‘rganish ishlarini tez kunlarda boshlaydi. Shuningdek, kompaniyalar O‘zbekistonda davlat-hususiy sheriklik tamoyillari asosida kelishuvlar imzolashning tartiblari yuzasidan ham o‘rganishlar olib boradi. O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, shamol elektr stansiya qurilishi bo‘yicha tomonlar bosh kelishuvni imzolaydi.
Ta’kidlash kerakki, mazkur memorandum doirasida Xitoy kompaniyalari tomonidan yurtimizga 1 milliard AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritiladi.

“China Huadian Overseas Investments” kompaniyasi “China Huadian Co.”ning sho‘ba korxonasi. “China Huadian Co.” Xitoyning eng yirik elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi kompaniyalaridan biri bo‘lib, 190 GVt quvvatga teng elektr stansiyalarga egalik qiladi.
“CNEEC” kompaniyasi elektr qurilmalari ishlab chiqaruvchi yirik kompaniya bo‘lib, ushbu kompaniya ixtisoslashgan muhandislik xizmatlari pudratchisi sifatida ham faoliyat yuritadi. “SANY Renewable energy” kompaniyasi esa Xitoyning shamol turbinalari ishlab chiqaruvchi yirik korxonalaridan biridir.
O‘zA